Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi

16:34 10 Dekabr 2025 Hujjatlar
154 0

Illyustrativ foto

Bugun, 10-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi [PF–246-son] Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, quyidagilar 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilandi, jumladan:

• yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;

• savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.

2026-yil 1-apreldan quyidagilar uchun toʻlovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

• davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;

• elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun toʻlovlar;

• alkogol va tamaki mahsulotlari;

• transportlarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash boʻyicha xizmatlar;

• qiymati 25 mln soʻmdan oshadigan tovar va xizmatlar;

• koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Hujjat bilan, shuningdek, 2026-yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.

2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda 2026-yil 1-iyuldan:

• barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli toʻlov tizimi orqali toʻlovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;

• yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

2026-yil 1-yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1-yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.

2026-yil 1-martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?