Bundan keyin ham sohaga qancha mablagʻ kerak boʻlsa, topib berishga tayyorman — Shavkat Mirziyoyev

14:03 10 Dekabr 2025 Siyosat
87 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlar yildan yilga oshirib borilayotgani, bu jarayon bardavom boʻlishini maʼlum qildi.

“Qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarni yildan yilga oshirib boryapmiz. Bundan keyin ham sohaga qancha mablagʻ kerak boʻlsa, topib berishga tayyorman.

Lekin bu mablagʻlar oʻz vaqtida egasiga yetib borishi va hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilishi uchun ochiq va shaffof tizim boʻlishi kerak”, dedi Prezidentimiz.

Qishloq xoʻjaligidagi subsidiyalar shu paytgacha 6 ta vazirlik tomonidan ajratilayotgan edi. Shu bois, barcha subsidiyalar boʻyicha moliyaviy xizmatlarni bir joyda koʻrsatadigan Agrar sohada toʻlovlar agentligi tashkil etildi.

Agentlik tomonidan kelasi yil dehqon va fermerlarga 2 trillion 200 milliard soʻmlik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya ajratish jarayoni hozirgi 4 bosqichdan 2 bosqichga, uni olishga ketadigan vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqaradi. Eng muhimi, har bir subsidiya fermerlarga maʼqul boʻladigan shartlarda, ularga mablagʻ eng zarur paytda beriladigan tizimga oʻtiladi.

Keyingi yildan suv nasosiga sarflangan elektr energiyasi uchun subsidiyalar meva-sabzavot, moyli ekin, kartoshka va ozuqa ekinlari yetishtiruvchi fermerlarga ham ajratilishi eʼlon qilindi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligida dron xizmatlarini koʻrsatuvchi alohida markaz ishga tushirilgani bu sohada mutaxassis tayyorlash va dronlarga servis xizmatini koʻrsatish imkonini berdi.

Shu yilning oʻzida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari va ekinlar monitoringi, ilgʻor agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.

Keyingi yil Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodron olib kelinadi. Har bir viloyatda kamida 2 tadan dron mobil kompleksi orqali agroxizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Agrar sohada dronlar uchun belgilangan uchish ogʻirligi hozirgi 100 kilodan 250 kilogacha oshiriladi.

“Oʻz faoliyatiga raqamli texnologiya va sunʼiy intellektni olib kirib, kam xarajat bilan yuqori hosildorlikka erishayotgan fermer va klasterlarimiz soni ham koʻpayib borayotgani meni xursand qiladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?