Yuz yillik soʻzsiz soʻz

17:14 18 Sentyabr 2025 Jamiyat
81 0

Surxondaryoning Boysun togʻlarida chanqovuz chalayotgan, lapar aytayotgan momolar, qir-adirlarda doʻmbira chalib doston kuylayotgan baxshilar koʻp. Sariosiyo mahallasidagi 103 yoshni qarshilagan Rahmat bobo Esanov haligacha milliy hunarimiz sanalmish chanqovuz yasash bilan shugʻullanmoqda. Eshitganlar shunday tabarruk yoshda oʻzi sevgan hunar bilan shugʻullanib, qalblarga ezgulik ulashib kelayotgan Rahmat boboga havas bilan qarashadi.

— Chanqovuzda ota-bobolarimning ruhi bor, — deydi hunarmand bobo. — Shu hunar hayotimning mazmuniga aylangan. Yetti yoshimdan bu hunarga bel bogʻlaganman. Oʻzbek momolari yuragidagi bor dardlarini chanqovuz orqali chiqarishgan. Bugun ayollar dardlarini telefon orqali toʻkib solyapti. Biroq, u vaqtlari dardini birovga aytishga iymangan. Masalan, yorini sogʻingan boʻlsa, chanqovuz orqali bildirgan.

Rahmat bobo nafaqat hunarni unutmagan, balki uni yuzlab shogirdlarga ham oʻrgatib kelmoqda. Bu hunar oila anʼanasiga aylangan. Boboning oʻgʻli — Bozor Esanov hozirgi kunda yettinchi avlod sifatida chanqovuz yasashni faol davom ettirmoqda.

— Milliyligimizga taqiq qoʻyilgan vaqtlar ham boʻlgan, — deya xotirlaydi Bozor aka. — Ammo otam hovlimizdagi ustaxonada ishlashni hech qachon toʻxtatmadi. Har doim choʻntagida chanqovuz boʻlardi. Bayramlarda, toʻylarda, yigʻinlarda chalib berardi. Endi men va oʻgʻlim ham bu hunarni davom ettirmoqdamiz.

Oila faqat chanqovuz yasash bilan cheklanib qolmagan. Temirchilikning oʻndan ortiq yoʻnalishida buyumlar tayyorlashadi. Yurtimizda tadbirkorlikka ochilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, oilaviy tadbirkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Mahsulotlariga nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham talab ortib bormoqda. Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Ispaniya kabi davlatlardan keladigan sayyohlar chanqovuz yasalish jarayonini katta qiziqish bilan kuzatadi.

Bu hunarli xonadonda har bir aʼzo milliy qadriyatlarni ardoqlab yashaydi. Oilaning kelini — Soliha Esanova ham oʻttiz ikki yildan beri bu xonadonning faol aʼzosi, hunarli inson. U doʻppi, kashta, quroqlar tikadi. Milliy qoʻl mehnati bilan goʻzallik yaratadi. Chanqovuz — koʻpchilik uchun oddiy musiqa asbobi boʻlib koʻrilishi mumkin, ammo Esanovlar uchun u ajdodlar bilan muloqot, milliy oʻzlikning ramzi. Bu hunar orqali ularning roʻzgʻori but, maʼnaviy jihatdan qalbi goʻzal. Rahmat boboning asrga teng hayoti hunarga, millatga, urf-odatga sadoqat namunasidir. Uning qoʻlida tovlangan chanqovuzlar goʻyo yurak tovushidek. Bu tovush yuz yillik soʻzsiz soʻz, milliy hislardan tartib berilgan musiqa. Bobo chanqovuz yasayotganda qalban yuksalsa, uning xaridori koʻpligidan quvonadi.

Farhod ESONOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер