Yozuvchilik sirlari haqida yozuvchilarning fikri qanday?

20:02 13 Yanvar 2022 Madaniyat
525 0

Mark TVEN

Adib yosh yozuvchilarga kulguga boy, shuningdek, bir qadar istehzoli maslahatlari bilan mashhur boʻlgan:

“Asar yozayotganda “koʻp” emas, “haddan ortiq” yozing. Chunonchi, muharriringiz undagi soʻzlarni xuddi siz xohlagandek almashtira, qisqartira olsin.

Asarni yozish kirishish uchun eng maqbul vaqt — uni xayolingizda yozib tugatgan vaqtingizdir. Unutmangki, shundagina siz nimani nazarda tutayotganingizni aniq va mantiqiy tushunib yetasiz hamda ommaga yetkazasiz.

Fikr hammada bor. Lekin oʻsha fikrni bir necha sahifada emas, bitta xatboshida ifodalash har kimga ham nasib etavermaydi.

“Ayol qichqirdi”, deb yozmang. Uni shunday ahvolga solingki, oʻzi “dod”, deb yuborsin.

Yodda tuting, buyuk kitoblar chiroyli tiliga qarab emas, balki uslubi va mohiyatiga qarab baholanadi”.

Kurt VONNEGUT

Kurt Vonnegut “Bagomboning tamakisi: tarqoq hikoyalar” asarida yosh yozuvchilarga oʻz fikrlarini qisqa ifoda etish borasida qiziqarli maslahatlar bergan:

“Qaysidir oʻquvchining siz uchun ayirgan vaqtini bekorga sarflamang.

Oʻquvchi tez va oson anglay olishi mumkin boʻlgan qahramonlarni yarating.

Albatta, hikoyaning boshlanishi oxiriga mantiqan mos kelishi lozim.

Sizning hikoyangiz qahramoni asar aavlida darhol biror narsa qilishi kerak, deylik bir stakan suv ichishi zarur. Bu orqali qahramonning xarakterini koʻrsatish yoki harakatini tasvirlashi kerakligini unutmang.

Qahramonlaringizga shafqatsiz munosabatda boʻling. Oʻquvchi uni yaxshi koʻrishi uchun chorasiz va umidsiz vaziyatlarga soling.

Mojaroning sababini sir saqlashga urinmang, barcha maʼlumotlarni darhol oshkor qiling. Basharti, oshxonadagi zararkunandalar asaringizning oxirgi sahifasini yeb yuborguday boʻlsa, oʻquvchining oʻzi hikoyani erkin yakunlay olsin”.

Frensis Skot FITSJERALD

“Asar qahramoni noodatiy odam boʻlsin, ana shunda siz odatiy tasvirni yaratgan hisoblanasiz. Agar siz odatiy tasvirdan boshlagan boʻlsangiz, bilib qoʻyingki, siz hech narsa yaratmagansiz.

Asarni faqat bir kishi oʻqishi uchun yozayotgandek yozing. Chunki hammaga yoqishga urunsangiz, yozgan hikoyangizni oʻlimga mahkum qilgan sanalasiz”.

Chak PALANIK

“Jang klubi” romani bilan mashhur boʻlgan Chak Palanikning yoshlarga maslahati esa quyidagilardir:

“Oʻquvchi siz oʻylagandan koʻra ancha aqlliroq. Hikoyaning shakli va vaqti ustida tajriba qilishdan qoʻrqmang. Shuningdek, oʻquvchini hayratga solish siz oʻylagandan ham qiyinroq ekanini esdan chiqarmang.

Yozayotganda voqealarni shoshilmay yozing, finalni ham choʻzmang. Siz, koʻproq, keyin nima boʻlishini oʻylang. Oʻquvchi esa bundan keyin sodir boʻladigan narsani bilishi shart emas. Aslida, agar aynan siz buni bilsangiz, ular nimani oʻylayotganini tasvirlash juda qiyin boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻzingiz oʻqishni istayotgan kitobni yozing...”

Rahmat Bobojon, toʻplovchi va tarjimon.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?