Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda davlat siyosatining ochiqligi va shaffofligi sezilarli darajada oshirilgani, soʻz erkinligi kafolatlari mustahkamlanayotgani, ommaviy axborot vositalarining mustaqil va professional rivojlanishi uchun sharoitlar yaratilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, 13-14-noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan YXHTning “Xabardor va barqaror jamiyatlar uchun ommaviy axborot vositalarining hayotiyligini taʼminlash” mavzusidagi 25-Markaziy Osiyo media konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston bunday nufuzli mintaqaviy platformaga mezbonlik qilayotgani mamlakatimizning soʻz erkinligi va media muhitini rivojlantirish borasidagi yutuqlarining eʼtirofi ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mazkur konferensiya ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyati hamda media sohasi iqtisodiy asoslarining barqarorligini, jamiyatni ishonchli va tasdiqlangan maʼlumotlar bilan taʼminlash masalalarini batafsil muhokama qilishga qaratilgan.
«Amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, strategik kommunikatsiyalar, mediasavodxonlik va faktchekingni rivojlantirish, Oʻzbekistonda xorijiy va xalqaro ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish haqida maʼlumot berdim. Dezinformatsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, hamkorlik istiqbollari – tajriba almashish, jurnalistlar malakasini oshirish, qoʻshma treninglar va taʼlim dasturlarini oʻtkazish, YXHT yetakchi ekspertlarining Oʻzbekistondagi tadbirlarda ishtirok etishi yuzasidan fikr almashdik», — deb yozgan Sherzod Asadov.
Uchrashuv yakunida Prezident matbuot kotibi ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring