Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)

19:03 13 Noyabr 2025 Jamiyat
119 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress boshlandi. Tadbir Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati (WOSCU), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan. Forumda 300 ga yaqin olimlar, sanʼatshunoslar va taʼlim sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillarini, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar va sanʼat arboblarini birlashtirgan ushbu qizgʻin tadbirning asosiy maqsadi — mintaqamiz xalqlarining maʼnaviy va ilmiy merosini ularning birligi, hamkorligi va barqaror taraqqiyoti asosi sifatida oʻrganishdir.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Kongressning boshlanishida ishtirokchilar poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham va tariximizdagi uch renessans davrini namoyish etib turgan majmua — Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Ishtirokchilar, ayniqsa, qardosh mehmonlarimizda mazkur tarixiy namoyish katta taassurot qoldirdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

— Ushbu majmuaning ostonasiga qadam qoʻyishim bilan tariximiz koʻz oʻngimda gavdalandi, — deydi A. Usmonov nomidagi Qirgʻiziston Qirgʻiziston Milliy Kutubxonasi direktori Eldar Attokurov. — Markaz muzeyidagi eksponatlar Markaziy Osiyo tarixining oʻta sermazmunligi, ajdodlarimizning ham davlat, ham ilm-fan arboblari sifatida ham insoniyat tamaddunida oʻchmas iz qoldirganini angladik. Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshgʻariy, Bahouddin Naqshbandiy, Ahmadxoʻja Yassaviy, Bobur kabi ajdodlarimizning bu zaminlarda qoldirgan izlaridan tariximiz, tilimiz, zaminimiz birligini koʻrsatib turibdi. Toshkentdagi kabi markazlar ochib, shu besh mamlakatning tarixini yoshlarga chuqur oʻrgatsak, dunyodagi ilgʻor mamlakatlarga aylanamiz.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Forumda markazning muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishuv marosimidan soʻng majmua qurilishi va uning ichki mazmuniga bagʻishlangan hujjatli film namoyish etildi. Markazning xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy anjumanlarni oʻtkazishga moʻljallangan barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega anjumanlar zalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yoʻllagan qutlov soʻzi oʻqib eshittirildi. Jumladan, “...Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash, gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bugungi forum ilmiy va madaniy muloqot uchun samarali maydonga aylanadi”, deyiladi tabrikda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tadbirning yalpi muhokamalar qismida davlat idoralari, ilmiy muassasalar va madaniyat arboblari oʻrtasida keng muloqot tashkil etildi. Unda umumiy tarixiy merosni asrash, zamonaviy hamkorlik shakllarini izlash va maʼnaviyat gʻoyalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, barcha davlatlarning umumiy madaniy merosni asrash, oʻrganish va targʻib etishga qoʻshayotgan hissasi, ilm-fan, taʼlim va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish boʻyicha xalqaro tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

— Forumning aynan mamlakatimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilishi ramziy ahamiyatga ega, — deydi “Qahvali suhbatlar” yutub kanali asoschisi, tarixchi Ixtiyor Esonov. — Bu noyob majmua mintaqaning uch ming yillik oʻtmishi, Renessans davrlari va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini mujassam etgan. Men qurilish jarayoni boʻlayotgan paytda ham kelib koʻrgandim. Lekin bu darajada ulugʻvor boʻlishi tasavvurimga sigʻmagan. Tarixni bunchalik mujassamlashtirilgani – juda katta gap! Majmuada antik davrdan to bugunimizga qadar nafaqat islom bilan bogʻliq tariximiz, balki undan avvalgi oʻtmishimiz ham bor boʻyi bilan aks ettirilgan. Bu kabi ishlar davlatimiz rahbari qoʻl urgan katta ishlardan biri, deb bilaman. Markaziy Osiyodan kelgan mehmonlarni koʻryapmiz, bu mamlakatlarimiz orasidagi aloqalarni mustahkamlashda ham, Oʻzbekistonning xalqaro imijiga ham katta taʼsir qilishiga ishonaman. Ushbu markaz sivilizatsiya merosini oʻrganish, yoshlarni tarbiyalash va xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash maydoni boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Kongress oldidan eng muhim voqealardan Toshkent shahrida islom tarixining eng ulugʻ va muqaddas qoʻlyozmalaridan biri — Usmon Musʼhafini Hazrati Imom majmuasida joylashgan “Moʻyi muborak” madrasasi muzeyidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga koʻchirilgani boʻldi. Tadbir Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida tashkil etilgan. Shu munosabat bilan Muftiyat ham oʻz faoliyatini endi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida davom ettiradi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Birinchi kunning markaziy mavzularidan biri yoshlar siyosatiga eʼtibor qaratildi. Yoshlarni maʼnaviy yetuklik, vatanparvarlik va ijodkorlik ruhida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish masalalari muhokama etildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Kongress dasturi doirasida “Markaziy Osiyo tarixiy merosi: yagona oʻtmish – umumiy kelajak” tarixchilar forumi, “Markaziy Osiyo: buyuk oʻtmish va buyuk kelajak” badiiy koʻrgazmasi, “Mixxat yozuvidan raqamli arxivlargacha: Markaziy Osiyo kutubxonachiligi istiqbollari”, “Tirik tarix” xalqaro kino forumi hamda “Yoshlar va raqamli davr: qadimiy qoʻlyozmalardan sunʼiy intellektgacha” mavzusidagi shoʻba yigʻilishlari tadbirlar ham oʻtkazilmoqda. “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi 15-noyabrga qadar davom etadi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Gʻolib BAHROMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?