Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?

17:26 13 Noyabr 2025 Sport
183 0

Ertaga, 14-noyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtadigan tijoriy turnir doirasida Misr terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi. Ushbu bahs oldidan ikki jamoaning imkoniyatlarini taqqoslab koʻramiz.

Umumiy koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 1452,34 ball toʻplagan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu esa Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildirdi.

Misr termasi esa hozircha FIFA reytingida 1525,31 ball toʻplagan. Bu esa jamoa ayni vaqtda 32-oʻrinda ekanini anglatadi. Bu Afrika mintaqasida Senegal va Marokashdan keyingi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2025-yilni juda yaxshi oʻtkazmoqda. “Oq boʻrilar” yil davomida 11 ta oʻyin oʻtkazdi. Ulardan 6 tasida Eldor Shomurodov boshchiligidagi jamoa gʻalaba qozongan boʻlsa, 4 ta uchrashuv durang natija bilan yakunlangan. Faqatgina Urugvay terma jamoasiga qarshi oʻyinda Kannavaro jamoasi magʻlub boʻldi.

Misr terma jamoasi esa yilni Oʻzbekistondan ham yaxshiroq oʻtkazmoqda. Xossam Xassan boshchiligidagi jamoa faqatgina yil boshida oʻtgan Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida magʻlub boʻldi. Qolgan 8 ta oʻyinning 7 tasi Muhammad Salax sardorligidagi jamoaning gʻalabasi bilan yakunlandi. Faqatgina Burkina-Faso mamlakatlari terma jamoasi Misr bilan durang oʻynashga erishdi.

Murabbiylar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasini italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Oltin toʻp sohibi “Oq boʻrilar” bosh murabbiyligidagi debyut oʻyinida Quvayt termasini 2:0 hisobida magʻlub etdi. Ikkinchi bahsda esa Urugvay terma jamoasiga imkoniyat boy berildi.

Lekin ushbu yigʻinda katta ehtimol bilan Kannavaro oʻzi tanlagan futbolchilardan foydalanmagan. Noyabr oyidagi futbolchilar tanlovi esa aynan Fabioniki boʻldi. Endi natija uchun ham barcha javobgarlikni yangi murabbiy oʻzi boʻyniga oladi.

Misr terma jamoasini esa ayni paytda 59 yoshli mutaxassis Xossam Xassan boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis 1966-yilning 10-avgust sanada Misr poytaxti Qohira shahrida tugʻilgan.

Xossam futbolchilik faoliyati davomida Misrning “Al-Ahli”, “Zamalek”, “Al-Masru”, “Al-Ittihod”, shuningdek, Kiprning “PAOK” va BAAning “Al-Ayn” kabi klublarida oʻynagan.

Misr terma jamoasida 1985-yildan 2006-yilgacha boʻlgan vaqt orasida 177 ta oʻyinda maydonga tushib, 69 ta gol kiritgan.

2008-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Xossam faoliyatining katta qismini Misr klublarida oʻtkazgan. Misr terma jamoasi boshqaruviga kelgungacha ham ushbu mamlakatning “Modern” klubida faoliyat olib borgan.

Lekin Xossam Xassan bizga Iordaniya terma jamoasi bosh murabbiyligidagi faoliyati bilan yaxshi tanish.

2013-yilning sentyabrida Oʻzbekiston va Iordaniya terma jamoalari Jahon chempionati saralashining pley-offida oʻzaro oʻyin oʻtkazgan. Ikki oʻyin natijasiga koʻra durang natija qayd etilgan. Penaltilar seriyasida esa “arablar” gʻalabani ilib ketgan. Aynan ushbu oʻyinlarda Iordaniya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Xossam Xassan ishlagan.

Futbolchilar

Oʻzbekiston terma jamoasining asosiy ustuni legionerlardan iborat. Jamoa yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron va BAA kabi mamlakatlarda toʻp surmoqda.

Misrlik futbolchilar esa dunyo boʻylab turli chempionatlarda faoliyat yuritmoqda. Jamoa safida quyidagi jahon yulduzlari bor:

Muhammad Salax (“Liverpul”)

Omar Marmush (“Manchester Siti”)

Mustafo Muhammad (“Nant”)

Muhammad Abdelmonem (“Nitsa”)

“Transfermarkt” maʼlumotlariga koʻra, Misr terma jamoasida transfer narxi 1 million yevro yoki undan yuqori boʻlgan futbolchilar soni 24 nafarga yetgan. Narxi 5 million yevrodan yuqori boʻlgan futbolchilar esa 4 nafarni tashkil etdi.

Solishtirish uchun, ayni vaqtda “Transfermarkt” boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida narxi 1 million yevrodan yuqori boʻlgan futbolchilar soni 15 nafar. Ular orasida 3 nafarini bozor qiymati 5 million yevrodan oshadi.

Sovrinlar

Jamoalarning shu vaqtgacha yutgan sovrinlariga nazar tashlasak, Misr yaqqol ustunlikka ega ekanini koʻrish mumkin.

Afrika vakili shu vaqtgacha 7-marta Afrika Millatlar Ligasi, 1-marta Afrika oʻyinlari, Arab Kubogi, Arab oʻyinlari, Falastin Kubogi, LG Kubogi, Mediteranean oʻyinlari musobaqalarining bosh sovrinini qoʻlga kiritgan.

Shuningdek, Misr termasi 3-marta Afrikada yilning eng yaxshi jamoasi deb tan olingan.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi esa 1-marta Osiyo oʻyinlari, “CAFA National Cup”, “Merdeka Kubogi” va “Navroʻz Kubogi” musobaqalarida gʻolib boʻlgan.

Jamoalarning imkoniyatlari

Tan olish kerak, oʻyin oldidan Xossam Xassan boshchiligidagi Misr terma jamoasi favorit sifatida qaraladi. Ammo futbolda hamma narsa boʻlishi mumkin.

Shu sababli, ushbu bahsda ham Fabio Kannavaro boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan kutilmagan syurpriz va munosib oʻyin kutish mumkin.

“Oq boʻrilar” uchun bu nafaqat kuchli raqib bilan bellashuv, balki oʻz salohiyatini jahon darajasida namoyon etish imkoniyati ham boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?