Toshkentdagi ekologik vaziyat boʻyicha Prezident Administratsiyasida shoshilinch yigʻilish oʻtkazildi
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi ekologik vaziyat keskinlashgani bois tegishli idoralar rahbarlari ishtirokida shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilish avvalida soʻnggi kunlarda Toshkentda havo ifloslanishi darajasi sezilarli ravishda ortib borayotgani chuqur tashvish uygʻotayotgani, bu esa aholining haqli ravishda xavotirini oshirayotgani taʼkidlandi. Mavjud holat zudlik bilan, muvofiqlashtirilgan va qatʼiy choralarni koʻrishni talab etayotgani qayd etildi.

Majlis davomida mutasaddi rahbarlar atmosfera havosining hozirgi koʻrsatkichlari, aholining murojaatlari, jamoatchilikdan kelayotgan taklif va eʼtirozlar yuzasidan axborot berdi. Havo sifati yomonlashuviga taʼsir koʻrsatayotgan asosiy omillar, uning aholining sogʻligʻiga boʻlgan salbiy taʼsiri va ekologik muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Administratsiya rahbari havoni meʼyoridan ortiq ifloslantirayotgan korxonalarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish zarurligini alohida taʼkidladi. Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, hech qanday murosaga oʻrin yoʻq. Bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham bir xilda amal qilishi shartligi qayd etildi.

Yigʻilishda qisqa, oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan kompleks takliflar taqdim etildi. Ushbu takliflar ekspertlarning tezkor xulosalariga asoslanib ishlab chiqilgan boʻlib, nafaqat vaziyatni barqarorlashtirishni, balki kelgusida bunday muammolar takrorlanishining oldini olishni ham koʻzda tutadi.
Xususan, quyidagi yoʻnalishlarda aniq chora-tadbirlar belgilandi:
— ekologik nazoratni kuchaytirish;
— havoni ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash yoki toʻxtatish;
— qurilish jarayonlariga qoʻyiladigan ekologik talablarni qatʼiylashtirish;
— shahar miqyosida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish;
— havo sifatini monitoring qiluvchi zamonaviy tizimni yaratish.

Ushbu chora-tadbirlar yaqin orada davlatimiz rahbariga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos boʻlib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring