“Yashil makon” umummilliy loyihasi endi Turkiy davlatlar tashkiloti darajasiga ham tashabbus sifatida olib chiqiladi
Foto: Xalq so‘zi
Bu haqida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti doirasida oʻtkazilgan navbatdagi brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomuradov tomonidan eʼlon qilindi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosatida iqlim oʻzgarishlari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning noyabr oyida Turkiya Respublikasida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitidagi ishtiroki davomida ham qator ekologik muammolarga eʼtibor qaratgan edi.
Jumladan, hozirgi paytda dunyoda iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish va ekologik muammolarni yechish hamda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish tobora oʻtkir zaruratga aylanayotgani alohida taʼkidlandi.
Orol dengizining qurishi kabi global ekologik fojianing salbiy oqibatlarini yumshatish va ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish tashabbusi ilgari surildi. Ayni paytda bu yoʻnalishda amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, ushbu tuzilmaning konsepsiyasi ishlab chiqilgan boʻlib, uning muhokamasi Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Markaziy Osiyoda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida ham qoʻshni davlatlar bilan teng manfaatli hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida Sirdaryo suv havzasi sifati va atrof-muhit muhofazasi boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Hamkorlik doirasida muntazam ravishda Sirdaryo daryosining tegishli qismlarida ikki tomonlama qoʻshma monitoring tadbirlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga mintaqa mamlakatlarida baland togʻ ekotizimlarini saqlab qolish, shuningdek, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan qor qoploni va ekotizimni saqlash boʻyicha global dastur - GSLEP amalga oshirilyapti.
GSLEP dasturi baland togʻ tizmalari ekotizimlari hamda noyob turdagi qor qoploni tarqalishi areali boʻyicha boy tabiiy muhitga ega boʻlgan mamlakatlar qatorida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonni qamrab oladi.
Joriy yilda Davlat ekologiya qoʻmitasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati oʻrtasida umumiy qiymati 10 million yevroga teng boʻlgan “Markaziy Osiyoda iqlim xatarlarini boshqarish” grant loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Ushbu loyiha mintaqaviy xarakterga ega boʻlib, 2022 – 2026-yillar davomida Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi iqlim oʻzgarishi, xususan, Orol dengizi qurishi oqibatida iqlim bilan bogʻliq xavf-xatarlarni boshqarishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.
Bundan tashqari Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tomonidan “Moʻtadil mintaqadagi Turon choʻllari” mintaqaviy tabiat obyektini YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritish ishlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda aytish kerakki, Oʻzbekistonda ekologik muammolarni yumshatish, atrof-muhitni asrash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangani hamda Orolboʻyi hududida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik oʻzgarishlarni alohida eʼtirof etish zarur.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2019 – 2022-yillarda Orol dengizining qurigan tubida jami 1 million 732 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklari ekilib, yashil qoplamalar hududi 2 million gektardan oshirildi.
Bu boradagi ishlar kelgusi yillarda ham tizimli ravishda hayotga tatbiq etilishi belgilab olingan. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida 2023 – 2026-yillarda yana 400 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” yaratish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi.Uning doirasida 2021-yil kuz mavsumida 85 million, 2022-yil bahor mavsumida esa 126 million dona koʻchatlar ekildi.
Joriy yil kuz mavsumida loyiha doirasida har bir tuman va shaharlar kesimida manzilli dasturlar ishlab chiqilib, 75 million dona koʻchatlar ekilishi rejalashtirilgan. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida kuzgi koʻchat ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davom etmoqda.
— Buning ahamiyatini yanada teranroq tasavvur qilishimiz uchun quyidagi raqamni keltirmoqchiman: yurtimizdagi 10 mingga yaqin mahallalarda mavsum davomida, yaʼni 40 kun mobaynida 75 millionta koʻchat ekiladi, — deydi Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomuradov. — Bu bir kunda 1 million 875 mingta koʻchat oʻtqaziladi, deganidir. Boshqacha aytganda har bir mahallaga bir kunda oʻrtacha 7 500 tadan nihol qadaladi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi qardosh mamlakatlar bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, oʻzaro teng manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish masalalari kelgusidagi faoliyatimizning ustuvor jihatlaridan sanaladi. Bu borada qilinishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalarimiz koʻlami ancha salmoqli.Shuni taʼkidlash oʻrinliki, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi endi Turkiy davlatlar tashkiloti darajasiga ham tashabbus sifatida olib chiqilmoqda. Xususan, ertaga – 11-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti doirasida tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar davlat rahbarlari ishtirokida Registon maydonida koʻchat ekish tadbiri oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlgan Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlgan Vengriya va Turkmaniston davlatlari poytaxtlarida ham bir vaqtning oʻzida koʻchat ekish tadbirlari uyushtiriladi. Xususan, Ozarbayjonda 11-noyabr kuni 111 ming 111 ta daraxt koʻchati oʻtqazilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu tadbirlar iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar boʻlib, oʻzaro hamkorlikdagi ekologik tashabbuslarning yorqin namunasidir.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring