Koinotdagi “sharpa shaharlar” yoxud mitti galaktikalar haqida nimalarni bilamiz?
Astronomlar yaqinda juda noyob uchta mitti galaktikalarni aniqlashdi. Bu galaktikalar juda xira boʻlib, ularning ichida deyarli yangi yulduzlar yoʻq. Olimlarning fikricha, bunday galaktikalar uzoq oʻtmishda qandaydir kuchli kosmik hodisa taʼsirida rivojlanishdan toʻxtagan va “sharpa shaharlar”ga oʻxshab qolgan.
Bu galaktikalar yirik galaktikalar – masalan, bizning Somon yoʻli kabi galaktikalar bilan solishtirilganda juda kichikdir. Agar Somon yoʻlida yuz milliardlab yulduzlar boʻlsa, bu mitti galaktikalarda atigi bir necha yuzdan yoki mingtagacha yulduz bor. Ular shu qadar xira va zaifki, koʻp yillar davomida hech kim ularni payqamagan.
Bu galaktikalar olimlar tomonidan “NGC 300” galaktikasi yaqinida, “Skulptor” yulduz turkumida topildi. Ularni Arizona universiteti astronomi Devid Sand tasodifan kashf etdi. “Men pandemiya vaqtida tasvirlarni kuzatib chiqqanimda, bu galaktikalar bir necha soatdan keyin toʻsatdan koʻzimga tashlandi”, – deydi Sand.
Bu galaktikalarning eng muhim jihati – ular Somon yoʻli va boshqa yirik galaktikalarning taʼsiridan xoli boʻlishidir. Negaki, odatda bunday kichik galaktikalar yirik galaktikalarning gravitatsiya kuchi taʼsirida gaz va moddalarni yoʻqotib, oʻz tabiiy rivojlanishini oʻzgartirib yuboradi. Ammo bu galaktikalar yolgʻiz boʻlgani sababli, ularning asl tabiati boʻyicha aniq xulosalar chiqarish mumkin.
Olimlar bu galaktikalarning ichida gaz yoʻqligini va faqat juda eski yulduzlar borligini aniqladilar. Bunga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ikkita asosiy nazariya bor, deyiladi xabarda.
Birinchidan, “Katta portlash”dan keyingi sodir boʻlgan reionizatsiya. Bunda olam paydo boʻlgan ilk bosqichda juda kuchli ultrabinafsha nurlar butun koinotni qamrab olgan va eng kichik galaktikalardagi gazni yoʻq qilib yuborgan boʻlishi mumkin. Gaz yoʻq boʻlgach, yangi yulduzlar shakllanmagan.
Ikkinchidan, portlovchi yulduzlarning taʼsiri ushbu “sharpa shaharlar”ga asos boʻlgan. Bunda galaktikalarning dastlabki bosqichida baʼzi yulduzlar juda katta energiya bilan portlab, ulardagi gazlarni tashqariga itarib yuborgan boʻlishi mumkin. Bu esa yulduzlarning kelajakda shakllanishini toʻxtatgan.
Bu galaktikalar atrofida yirik galaktikalar yoʻqligi sababli, gaz yoʻqolishining sababi aynan shu ikkita omil bilan bogʻliq boʻlishi ehtimoli katta.
Ushbu topilmalar bizga koinot qanday shakllanganini, yulduzlar qanday tugʻilganini va kichik galaktikalar qanday sharoitda rivojlanmaganini tushunish uchun juda katta ahamiyatga ega. Negaki, agar bu nazariyalar tasdiqlansa, olimlar koinotning dastlabki bosqichlarida qanday hodisalar sodir boʻlganini aniqroq bilib olishlari mumkin boʻladi.
“Biz hozircha faqat uchta bunday galaktikani topdik, lekin yana yuzlab yoki minglab shunday galaktikalar boʻlishi mumkin. Agar ularning barchasi bir xil taʼsir ostida qolgan boʻlsa, bu bizga koinotning ilk shakllanish jarayonlarini tushunishga yordam beradi”, – deydi tadqiqotchi olimlar guruhi rahbari Sand.
Hozirda olimlar ushbu mitti galaktikalarni sunʼiy intellekt yordamida topish uchun maxsus dastur ishlab chiqmoqdalar. Koinotdagi bu “sharpa shaharlar” – oʻz vaqtida rivojlanishdan toʻxtagan va endi turgʻunlikda koinotda “suzib” yuribdi.
Bu kashfiyot “DESI Legacy Imaging Surveys”, “Gemini South” teleskopi va “Dark Energy Spectroscopic Instrument” kabi ilgʻor ilmiy texnologiyalar yordamida amalga oshirildi. Endilikda olimlar sunʼiy intellektdan foydalangan holda yana koʻplab shunday galaktikalarni topishga harakat qilmoqdalar.
Bu koinotning qanday shakllanganini tushunish yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Koinot sirlarini ochish esa insoniyatga oʻz kelib chiqishini anglashda beqiyos yordam beradi. Keyingi bosqichda ushbu galaktikalarda yerga oʻxshash sayyoralar bor yoki yoʻqligi aniqlash nazarda tutilmoqda.
Galaktikalar ham tirik organizmlar singari oʻz hayot tsikliga ega boʻlib, vaqt oʻtishi bilan ular ham soʻna boshlaydi. Olimlar galaktikalarning oʻlimini asosan yangi yulduzlar shakllanishining toʻxtashi bilan bogʻlashadi. Yangi yulduzlarning hosil boʻlishi uchun ulkan gaz va chang bulutlari kerak boʻladi.
Agar galaktika oʻz gaz zaxiralarini yoʻqotsa yoki yulduz shakllanishi sekinlashsa, u “oʻlik” galaktikaga, yaʼni “sharpa shaharlar”ga aylanib qoladi. Bu jarayonni tezlashtiruvchi omillar orasida yirik qora tuynuklarning gazlarni tashqi tomonga itarishi, katta galaktikalar bilan toʻqnashuvlar hamda koinotning kengayishi tufayli moddalar zichligining kamayishi kabilar bor.
Bizning Somon Yoʻli galaktikamiz ham abadiy yashamaydi. Olimlarning taxminlariga koʻra, u yaqin kelajakda Andromeda galaktikasi bilan toʻqnashadi. Bu toʻqnashuv taxminan 4-5 milliard yildan soʻng sodir boʻlishi kutilmoqda. Ushbu jarayonda ikkala galaktika ham shaklini oʻzgartirib, katta ellips shaklidagi yangi galaktikaga aylanishi mumkin.
Dastlab yulduzlar shakllanishi tezlashadi, lekin keyinchalik gaz zaxiralari tugab, yangi yulduzlarning paydo boʻlishi butunlay toʻxtaydi. Bu esa Somon Yoʻlining “soʻnib borayotgan” galaktikaga aylanishiga olib keladi.
Quyoshimiz ham bir kun kelib oʻzining mavjudligini tugatadi. Hozir u oʻrtacha yoshdagi yulduz boʻlib, taxminan yana 5 milliard yil davomida barqaror yonib turadi. Ammo vaqt oʻtishi bilan undagi vodorod zaxiralari kamayib boradi. Bu sodir boʻlgach, Quyosh qizil gigantga aylanadi va hajmi kengayib, hatto Yerni ham yutib yuborishi mumkin. Keyingi bosqichda u oʻz tashqi qatlamlarini yoʻqotib, kichik oq mitti yulduzga aylanadi. Oq mittilar asta-sekin soviydi va millionlab yillar davomida yorugʻlik taratmaydigan sovuq kosmik jismlarga aylanishadi.
Quyoshning yoʻq boʻlishi bizning sayyoramiz uchun ham halokatli boʻladi. Qizil gigant bosqichida u juda koʻp issiqlik chiqarib, Yerdagi barcha suvlarni bugʻlatib yuboradi. Atmosfera yoʻqoladi va sayyoramiz hayot uchun butunlay yaroqsiz joyga aylanadi. Hatto insoniyat kelajakda boshqa sayyoralarga koʻchib oʻtsa ham, Quyosh tizimining butunlay “soʻnishi” muqarrar jarayon boʻlib qoladi.
Sanjar Shomurodov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring