Yaxshilikni har kim, har kuni qilishi lozim
Konstitutsiyamizning 39-moddasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi belgilangan. Shu maʼnoda, yurtimizda keksa avlod vakillari himoyasini yana-da kuchaytirish, ularga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish va bu boradagi muammolarni hal etishga qaratilgan samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunki keksalar, yolgʻizlar, muhtojlarga yordam koʻrsatish, ogʻirini yengil qilish kabi ezgu amallar xalqimizning oʻlmas qadriyatiga aylangan.
Taʼkidlash lozim, dunyo aholisi farovonligi oshgani sari keksalar soni ham ortib boryapti va bu pensiya taʼminoti xarajatlarining koʻpayishiga olib kelyapti. Jahon banki maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻyicha 2017-yilda 60 yosh va undan yuqori yoshdagilar 962 million kishini tashkil etib, 1980-yilga nisbatan 383 million kishiga ortgan. Bu koʻrsatkich 2030-yilga borib, 1,4 milliard, 2050-yilda esa 2,1 milliard kishiga yetishi kutilyapti.
Mamlakatimizda davlat pensiya taʼminoti tizimi 1993-yil 3-sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda uning asosida ishlab chiqilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Maʼlumotlarga qaraganda, yurtimizda pensiya va nafaqa oluvchilar soni qariyb toʻrt million kishiga yaqinlashmoqda va ularning aholi sonidagi ulushi bugun 11 foizni tashkil qilyapti.
Demak, pensiya taʼminoti tizimini yana-da takomillashtirish, bu boradagi rasmiyatchilik va qogʻozbozlikka chek qoʻyish, yaʼni pensiya tayinlash bilan bogʻliq hujjatlarni qisqartirish, sohaga ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish bugunning eng muhim masalalari hisoblanadi. Shuningdek, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni oʻz vaqtida yetkazish, mazkur yoʻnalishda sogʻlom raqobat muhiti va zamonaviy standartlarni joriy etish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kuni kecha qabul qilingan “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aynan yuqoridagi kabi masalalarga yechim boʻlishi bilan ahamiyatlidir.
Qarorda 2022-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni toʻlash har uch yilda hududlar boʻyicha alohida oʻtkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. 2022-yil 1-iyuldan boshlab esa davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi va davlat pensiyalarini tayinlash “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Prezident qarorida fuqarolarga pensiya va ijtimoiy nafaqa toʻlash, yetkazib berish bilan bogʻliq yana koʻplab yengilliklar berilganki, endi fuqarolar pensiyaga chiqishi uchun idorama-idora yugurib, bir dunyo hujjatlar toʻplab sarson boʻlmaydi. Pensiya va nafaqa pulini olish uchun bank eshiklari oldida kunlab navbat kutmaydi. Endi pensiya hujjatlarni rasmiylashtirish uchun faqat pasport yoki ID-karta talab etiladi, xolos. Shu paytgacha buning uchun 30 dan ortiq hujjat talab etilgan va ularni toʻplash uchun 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarning eshigini taqillatishga toʻgʻri kelardi.
Albatta, pensiya va nafaqa tayinlash, toʻlash bilan bogʻliq islohotlar uzluksiz davom ettiriladigan jarayondir. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu boradagi qonunchilik normalari ham takomillashtirilib borilaveradi. Bu esa biz – deputatlarga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, bugun keksa avlod vakillarini har qancha eʼzozlasak shuncha oz. Chunki bugungi tinch va osoyishta, farovon, dorilamon kunlarimizning qaror topishida ularning mehnati, xizmatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi. Shu maʼnoda, ota-onalarimiz, yaqinlarimiz xolidan doimo xabar olish, mahallamizdagi nochor oilalarga yordam koʻrsatish, yolgʻizlar, yetimlar boshini silash har birimiz uchun kundalik vazifaga aylanmogʻi zarur. Zero, yaxshilikni har kim, har kuni qilishi lozim.
Ahmadjon GʻANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring