Vazir “Hukumat soati”da axborot berdi
Oʻzbekiston Respublikasining “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq joriy yilning 1-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining taklifiga asosan navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi. Bu haqda partiya Markaziy kengashi axborot xizmati xabar berdi.
Unda “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizga muvofiq tarbiyalash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Maktabgacha taʼlim vaziri Shin Agrippina Vasilyevna axborot berdi.
— Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan Qonunchilik palatasida muntazam oʻtkazib kelinayotgan “Hukumat soati” mamlakatimizda parlament rolini oshirish bilan birga hukumatning parlament oldidagi masʼuliyatini yana-da kuchaytirish, joylarda toʻplanib qolgan, aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etishda muhim ahamiyatga kasb etmoqda. Mamlakatimizda boshlangan yangi davr taʼlim sohasiga ham aniq va qatʼiy talablar qoʻymoqda. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi amaldagi taʼlim tizimida tarbiyaning oʻrnini yetarli emas deb hisoblaydi.
“Oila — maktabgacha taʼlim — maktab” davrini oʻz ichiga olgan, tarbiyani ustuvor hisoblaydigan, tarbiya va taʼlim tizimi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni eʼtirof etadigan, bilimli, erkin fikrlaydigan, halol va masʼuliyatli insonni shakllantirishni ustuvor vazifa sifatida koʻrishi kerak. Tizimning natijadorligi oila, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablaridagi mavjud muammolarning tizimli bartaraf etilishini taqozo qiladi.
“Hukumat soati”da taʼkidlanganidek, 2019-yilda ushbu soha rivoji uchun jami byudjetdan 6,1 trillion soʻm (2018-yilga nisbatan 145 foiz) mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻdan maqsadi va samarali foydalanilgani bois, mamlakatimizda 2020-yilning 1-choragida maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganlik darajasi 54 foizga yetkazildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida 59 097 quvvatga ega 692 ta hamda 164 133 quvvatga ega 6 715 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish hisobiga 18 434 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Bundan tashqari, 2019-yilda Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 48.5 mlrd. soʻm sarflandi. 16 ta qayta jihozlangan avtobuslar asosida «Aqlvoy» nomli mobil loyihasining amalga oshirilishi natijasida chekka hududlardagi 40 ta mahallalarda 2000 ta bola qamrab olindi.
2020-yilda amalga oshiriladigan ishlar natijasida maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni darajasini 60 foizgacha oshirish, shu jumladan, 6 yoshdagi bolalarni qamrab olishni 75 foizgacha yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun quyidagi asosiy vazifalar belgilab olingan:
— 4 000 dan ortiq qisqa muddatli, maktabga tayyorgarlik va majburiy bepul maktabgacha tayyorlov guruhlar, davlat-xususiy sherikchilik bazasida 2 000 dan ortiq oilaviy va 420 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etish, turli yoshdagi guruhlar, uyga tashrif hamda 40 ta mahallada “Mobil bogʻcha” (2 000 oʻrinli) kabi maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini ishga tushirish, xorijiy oliy oʻquv yurtlari va boshqa taʼlim muassasalari bilan qoʻshma dasturlar tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar orqali taʼlim jarayoni sifatini oshirish, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filialini ochish rejalashtirilgan.
— Shuningdek, “Ilk qadam” dasturi bilan ishlash boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etish va “kaskad” yoʻli bilan treninglar oʻtkazish. Treninglar doirasida 2020-yilda maktabgacha taʼlim tizimidagi kamida 20 ming pedagogni qamrab olish rejalashtirilgan. Maktabgacha taʼlim tizimida kamida 6 ming nafar rahbari va mutaxassislari malakasi oshiriladi. “Ilk qadam” davlat dasturi va davlat talablariga muvofiq oʻquv uslubiy toʻplamlar va didaktik materiallar ishlab chiqiladi.
Yigʻilishda deputatlar 2019-yil 31-dekabr kuni qabul qilingan “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorining ijrosini taʼminlash, chekka qishloqlardagi maktabgacha taʼlim va tarbiya tashkilotlarida bolalarni maʼnaviy va jismoniy tarbiyalash orqali ularning sogʻlom rivojlanishni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, davlat xususiy sherikchilik asosidagi, davlat va nodavlat, oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun berilgan imtiyozlar hamda ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faoliyatini yana-da takomillashtirish uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi aytarli darajada qoniqarli tashkil etilmayotganligini taʼkidlashdi.
Xususan, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochishda imtiyozli kreditlarni jalb qilish uchun oylab kutish va ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish hamda bolalarni toʻgʻri va sifatli ovqatlanishini tashkil etish uchun toʻliq autsorsing tizimiga oʻtish lozimligini aytib oʻtishdi.
Deputatlar oʻzbek tilining bor latofati, jozibasi, mehr va milliy gʻurur hislarini toʻlaqonli singdirishga qaratilgan “Alla” endilikda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida aytilishini joriy qilishni tavsiya etishdi.
Shuningdek, hanuzgacha «Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori tasdiqlanmaganligini tanqid qilishdi.
Deputatlar “Hukumat soati”da muhokama qilingan masalalar yuzasidan kelib chiqib, maktabgacha taʼlim tizimida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflarni bildirdilar. Vazirlik masʼullari koʻtarilgan muammolar va ularning yechimi boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilishi maʼlum qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring