Urganchda matematiklarning xalqaro konferensiyasi davom etmoqda

19:57 26 Iyul 2022 Jamiyat
541 0

Foto: Xalq so‘zi

Urganch davlat universitetida zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bagʻishlangan birinchi al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasi davom etmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Romanovskiy nomidagi matematika instituti, Kaliforniya universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti hamda Nukus davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlarning qirqqa yaqin, yurtimizdan yuzdan ziyod matematik olimlar “oflayn” va “onlayn” tarzda ishtirok etmoqda.

Xorazm zaminida azaldan matematika yoʻnalishida kuchli maktab shakllangan boʻlib, bu anʼanalar bugungi kunda ham izchil davom etmoqda. Viloyatda al-Xorazmiy nomidagi jamgʻarma va xalqaro ilmiy markazni tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, mazkur konferensiya ana shu yoʻldagi dastlabki qadamlardan biridir.

— Algoritm asoschisi Muhammad al-Xorazmiy vatanida oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etayotganimdan juda mamnunman, — deydi Kaliforniya universiteti akademigi, dunyoga mashhur matematik olima Svetlana Jitomirskaya. — Konferensiyaning yalpi yigʻilishlarida va beshta shoʻbaga boʻlingan holda oʻtkazilayotgan ilmiy munozaralarda dunyoning yetakchi olimlari, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ilmiy maʼruzalari bilan tanishyapmiz. Bir hafta mobaynida Urganch davlat universitetida oʻzbekistonlik va amerikalik doktorantlar hamda talabalarga maʼruzalar oʻqiyman. Shu bilan birga bu qadimiy vohaning madaniyati, tarixi bilan yaqindan tanishish niyatidaman.

Konferensiya doirasida dunyo tan olgan taniqli matematik olim, Xorazmda oʻziga xos matematika maktabini yaratgan akademik Azimboy Saʼdullayev tavalludining 75 yillik yubileyiga bagʻishlangan tadbirlar ham oʻtkaziladi.

Odilbek Odamboyev “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?