Tramp Yevropa Ittifoqiga tahdid qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqini savdo kelishuvi boʻyicha Qoʻshma Shtatlar iqtisodiyotiga sarmoya kiritish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmasa, import bojlarini 35 foizga oshirish bilan tahdid qildi.
“Keyin ular 35 foiz boj toʻlaydilar”, – degan u jurnalistlarning Yevropa Ittifoqi investitsiya kelishuvlarini bajarmasa, AQSH qanday choralar koʻrishi haqidagi savoliga.
Shu yilning 28-iyul kuni AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida savdo bitimi imzolangan boʻlib, unga koʻra Bryussel AQSHdan 750 milliard dollarlik energiya manbalarini sotib olishga, shuningdek, AQSHga Yevropa sarmoyasini 600 milliard dollarga oshirishga va Amerika qurollarini sotib olishga vaʼda bergan. Buning evaziga Vashington Yevropa tovarlariga tariflarni ikki baravar, yaʼni 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirishga soʻz bergan.
Ertasi kuni “Politico” nashri Tramp Yevropa Ittifoqiga savdo bitimini tuzish uchun bosim oʻtkazgani haqida xabar berdi. Maʼlum boʻlishicha, AQSH yetakchisi yevropaliklarga maktub yoʻllab, jiddiy tavakkal qilayotganliklari haqida ogohlantirgan. Shundan soʻng Yevropa Ittifoqi muzokaralar stoliga oʻtirib, AQSH bilan bitim tuzishga rozi boʻldi.
Bir qator ekspertlar AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo kelishuvi Yevropa sanoati uchun “iqtisodiy falokat” tahdidi tugʻdiradi, degan xulosaga keldi. Qayd etilishicha, qisqa muddatda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari eksport hajmining pasayishiga, uzoq muddatda esa investitsiyalarning chiqib ketishiga va sanoatga bosimga duch keladi.
Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Katarina Barli aytishicha, Bryussel va Vashington oʻrtasidagi boj toʻlovlari boʻyicha kelishuv Yevropa Ittifoqining AQSHga tuzilmaviy qaramligini oshiradi va Yevropaning zaifligini koʻrsatgan.
“Teng shartlar asosida adolatli kelishuv oʻrniga, endi Yevropaning asosiy tarmoqlariga ogʻirlik qiladigan va AQSHga tarkibiy jihatdan qaramligimizni yanada chuqurlashtiradigan murosaga erishildi”, – deydi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi vakili “Tagesspiegel” nashri bergan intervyusida.
Uning soʻzlariga koʻra, nafaqat tariflar, balki Yevropaning strategik suverenitetini saqlab qolish ham muhim.
“Bu kelishuv yutuq emas, balki Yevropa zaifligining yaqqol belgisidir. Yevrokomissiya kuchli bosim ostida taslim boʻldi”, – deya qoʻshimcha qiladi siyosatchi.
Fransuz sotsialistlari yetakchilari Yevropa Ittifoqi va AQSH oʻrtasidagi savdo kelishuvini Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar uchun sharmandalik va boʻysunish yoʻli deb taʼriflagan.
Fransiya sotsialistik partiyasi bosh kotibi Pyer Juvening aytishicha, Yevropa uchun bu vassalizatsiya kelishuvi.
“Biz «atigi” 15 foiz bojxona toʻlovi olganimiz bilan qanoatlanamizmi?» – degan savolni oʻrtaga tashladi Juve.
Sotsialistik partiya yetakchisi va birinchi kotibi Olivye For bu kelishuvni “sharmandalik” deb atadi va yevropaliklar AQSH shartlaridan voz kechib, yagona blok sifatida harakat qilishdan koʻra oʻz milliy manfaatlariga eʼtibor qaratishni afzal koʻrganini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring