Tovar va moliya bozorlarida teng raqobat muhiti taʼminlanyaptimi?

16:40 07 Noyabr 2024 Jamiyat
257 0

Oʻzbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotda sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash va uni rivojlantirishga qaratilgan salmoqli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu albatta, tadbirkorlik va xususiy biznes sohasi vakillarining emin-erkin faoliyat koʻrsatishi hamda ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishiga zamin yaratmoqda.

Eng muhimi esa monopoliyaga qarshi kurashish va raqobatni cheklanishini oldini olishning huquqiy vositalarini ilgʻor xalqaro amaliyotlarga toʻliq moslashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga taʼsirini baholashning majburiy tizimi joriy etildi hamda 116 ta turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor etish tartibotiga oʻtkazildi. Mazkur Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida tovar bozorida 5 ta va undan ortiq xususiy sektor subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonalarning taʼsis etilishiga cheklovlar kiritildi. Natijada raqobatga taʼsirini baholashdan oʻtkazgandan soʻng korxonalarda davlat ishtirok etishi boʻyicha qaror qabul qilish mexanizmi joriy etildi. Tovar va moliya bozorlarida teng raqobat sharoitlarni taʼminlash maqsadida 30 ga yaqin sohada soliq va bojxona imtiyozlari va 13 ta soha boʻyicha eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida 30 dan ortiq tovarlar bozorlariga tadbirkorlarning kirishi erkinlashtirildi va monopoliya holatidan chiqarildi va ustun mavqega ega korxonalar soni 20 foizga hamda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 30 foizga kamaydi.

Monopol va yuqori likvidli mahsulotlarni xarid qilishda tadbirkorlar uchun teng sharoit yaratish maqsadida tovar-xomashyo birjalarida majburiy tartibda realizatsiya qilinadigan tovarlar soni 46 taga yetkazildi. Bugungi kunda 200 dan ortiq yirik monopoliyalar va davlat organlarida oʻz faoliyatini raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida monopoliyaga qarshi komplaens tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, mamlakat iqtisodiyotidagi raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qancha tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan raqobatga zid hujjatlar qabul qilish amaliyoti hozir ham mavjud. Vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida 47 foiz raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid normalar kiritilganligi qayd etilgan. Iqtisodiyotda davlatning ishtiroki hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda. Albatta, tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan kamida 15 ta tovar bozorida raqobatni rivojlantirish imkoni mavjud boʻlsa-da, ushbu bozorlar hanuzgacha tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan monopollashtirilgan holatda qolmoqda.

Yana bir oʻtkir muammo shundaki, davlat xaridlari sohasida shaffoflik va samaradorlik yetarli darajada taʼminlanmayapti. Bunga davlat xaridlari raqobatli tartibotlar orqali bajarilmayotganini, ularning 55 foizidan ortiqrogʻi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirilayotganini keltirib oʻtish mumkin. Raqobat qoʻmitasi soʻnggi yillarda raqobatni taʼminlashga qaratilgan nazorat bilan qamrab olingan 114 mingta tanlov va tender savdolarining qariyb 40 foizida raqobatni cheklash boʻyicha harakatlar aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi bozorlarda sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish va isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari kengaytirish hamda mazkur tizimli muammolar yechimini taʼminlash maqsadida har yili 20 dan ortiq tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini chuqur tahlil qilishni rejalashtirgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida raqobat rivojlanganlik darajasidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” guruhlarga ajratiladi hamda raqobat rivojlanmagan tarmoqlar boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda manzilli ishlar tashkil qilinadi.

Tadbirkorlik subyektlarida tartibga solish yukini qisqartirish va ularning tovar va moliya bozorlariga erkin kirishida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshiriladi. Qoʻmita tomonidan muntazam ravishda tashkil etilayotgan “Biz sizni eshitamiz” loyihasi doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlari faoliyati oldida turgan muammolar oʻrganilmoqda, sohani rivojlantirishdagi yangi takliflar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etib borilmoqda.

Shuningdek, raqobatni rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik yoʻlida muhim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

2024-yil 3-iyundagi “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi va mazkur hujjatda bosqichma-bosqich bir nechta yirik monopol korxonalarga berilgan maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinishi belgilandi.

Yuqorida keltirib oʻtilgan qonunchilikdagi yangiliklar hamda mavjud muammolarni hal qilish va sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami juda keng. Ularni izchil amalga oshirish orqali iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, mahsulot va xizmatlar sifatining oshishiga va umuman olganda mamlakatimizning global iqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlashga puxta zamin yaratiladi.

Otabek USMONOV,

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar

huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi

raisi maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер