Toshkentda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi

13:07 12 May 2024 Siyosat
511 0

Joriy yil 14-may kuni Toshkentda qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

Mintaqaviy ekspertlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 3-4-mart kunlari Toshkentda tashkil etilgan yuqori darajadagi “BMT global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasida ilgari surilgan va xalqaro sheriklar tomonidan keng koʻlamda qoʻllab-quvvatlanayotgan tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda.

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va ayollar masalalari qoʻmitasi, shuningdek BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur yigʻilishda Markaziy Osiyo davlatlari, xalqaro tashkilotlar – BMT va YXHTning yuqori martabali mansabdor shaxslari, shuningdek qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish, xususan jinoiy harakatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish sohasidagi mutaxassislar ishtirok etadi.

Konferensiyaning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari –Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov, Bosh kotibning Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, BMT Xavfsizlik Kengashi Aksilterror qoʻmitasi Ijroiya direktorati rahbari vazifasini bajaruvchi Veysun Chen, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston delegatsiyalari rahbarlari nutq soʻzlashi kutilyapti.

Tadbirda koʻplab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan MDH Aksilterror markazi, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Kotibiyati, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining Parlamentlararo Ittifoqi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va BMT tuzilmalari, xususan Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasi, Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining yuqori darajali vakillari ishtiroki rejalashtirilgan.

Konferensiya qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish hamda mintaqadagi davlatlar hamkorligini institutsionallashtirish sohasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻzaro tajriba almashishi uchun oʻziga xos maydonga aylanadi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yuksak darajadagi birlashuvining va mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼuliyatni birgalikda zimmasiga olishga tayyorligini yana bir bor namoyish etadi.

Tadbir doirasida “Repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishga davlat va umumiy ijtimoiy yondashuvning ahamiyati”, “Mahalliy jamoalar va jamoat tashkilotlarining sohadagi oʻrni” kabi muhim mavzularda seksiyalar tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер