Toshkent viloyatida yaqin yillarda o‘nlab “yashil energiya” manbalari yaratiladi
Foto: “Xalq so‘zi”
Davlatimiz rahbarining “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yana-da rivojlantirish chora–tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan unumli foydalanish, xorijiy ilg‘or tajribalar asosida yangi, ekologik toza “yashil energiya” manbaini yaratish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
Mohiyatan mamlakatimizda energetika sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholi va korxonalarni muttasil elektr manbai bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish maqsadlariga qaratilgan ushbu tarixiy hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol daryosida “Quyichotqol” GESi, Pskom daryosida “Pskom va “Muallaq” GESi, Ugom daryosida “Irgayliksoy” GESi, Ko‘ksuv daryosida “Quyiko‘ksuv” GESining1-navbatini qurish, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Tuyabo‘g‘iz” suv omborida kichik GES barpo etish va bir qator mavjud inshootlarni modernizatsiya qilish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan.
Xususan, Chirchiq shahrining Chirchiq-Bo‘zsuv traktida joylashgan “Kamolot”GESi Iqtisodiyot, Qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan Dasturga ko‘ra bunyod etilgan bo‘lib, “O‘zbekgidroenergoqurilish” bosh pudratchi bo‘lgan ushbu loyihani “Gidroproyekt” hissadorlik jamiyati amalga oshirdi.
- Loyihaning umumiy qiymati 213,389 mlrd. so‘mni tashkil etadi,-deydi “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi direktori Abdurasul Shodmonov. — 2017 yil noyabr oyida boshlangan qurilish-montaj ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Xitoyning “Dongfang Electric International Corporation” hamda Germaniyaning “Andritz AG” kompaniyalari zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilgan ushbu inshoot umumiy quvvati 8,16 MVt(4 ta agregat 2,04 MVtdan) bo‘lib, yillik elektr energiya ishlab chiqarish 35,4 mln. kVt soatni tashkil etadi. Fan-texnikaning so‘ngi yutuqlaridan unumli foydalanilgan “Kamolot” GESida Markaziy Osiyo davlatlarida yagona bo‘lgan “kapsula” usulida o‘rnatilgan gidroagregatlar yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish hozircha tajriba tariqasida qo‘llanilmoqda. Barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgan. Oddiy tizimdan tortib yirik agregatlargacha kompyuter yordamida onlayn usulda boshqariladi. Markaziy boshqaruv pulti bu yerdan taxminan 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, “kapsula” usulida turbina gorizontal, generatorlar esa vertikal holatda o‘rnatiladi. Oqibatda daryo o‘zanidagi suvning bosimi juda past bo‘lsa ham, yuqori kuchlanishdagi elektr enegiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keladi. Mutaxassislarning tan olishicha, ayni loyihaga muvofiq oqib turgan daryo o‘zani ustiga turbina va generatorlarni o‘rnatish u qadar oson kechmadi. Ushbu loyiha muhandis-texnik xodimlar, energetik va quruvchilardan juda katta bilim va tajribani talab qildi. O‘zi aslida “Kamolot” GESi loyihasi o‘tgan asrning 40-yillarida ilgari surilgan edi. Biroq uzoq yillar davomida bunga eʼtibor qaratilmagan. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, ayniqsa, iqtisodiyotimizda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida aholiga emin-erkin elektr quvvati yetkazib berish imkoniyati sezilarli darajada kengaydi. “Kamolot” GESi mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yiga munosib sovg‘a sifatida topshirilgani esa buning yaqqol isbotidir. Umuman olganda, sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari samarasini “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi “Oq-qovoq”( GES-1), shuningdek, “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi “GES-3” jamoalari erishayotgan yutuqlarda ham ko‘rish mumkin.
—1933 yilda qurilgan, umumiy quvvati 13,2 MVtdan iborat bo‘lgan inshootimiz maʼnaviy jihatdan eskirib bo‘lgan edi, - deydi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi “GES-3” rahbari Dilmurod Mirahmedov. — Uning o‘rnida yangi inshootni xitoylik hamkorlar bilan qurib bitkazdik. Natijada umumiy quvvati 15,34 MVt ga teng GESning yillik o‘rtacha elektr quvvati ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 124 mln. kVt soatga yetdi. Bu 40-45 ming nafar aholi xonadonini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, deganidir. Barcha jarayon to‘liq kompyuterlashtirilgan. Sohaga eng ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi elektr quvvati ishlab chiqarish hajmini oshirib, qurilayotgan va modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratishda qo‘l kelmoqda.
Darhaqiqat, yuqoridagi qaror ijrosi doirasida “O‘zbekgidroenergo” hissadorlik jamiyati rahbariyati va mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan gidroelektr inshootlarini ilg‘or texnologiyalar asosida qayta qurish va modernizatsiyalash jarayonlari jadal davom ettirilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, yaqin yillarda viloyat hududlarida o‘nlab yangi “yashil energiya” manbalari yuzaga keladi. Bu esa sohada eksport ulushini oshirish barobarida o‘nlab istiqbolli investitsiya loyihalarining hayotbaxshligini taʼminlaydi. Qolaversa, O‘zbekistonning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanish orqali aholiga qayta tiklangan, ekologik toza elektr quvvatini arzon narxda yetkazib berish imkoniyati ortadi.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring