Termiz shahrida afgʻonistonlik 111 nafar bitiruvchiga diplom topshirildi

18:42 07 Iyul 2023 Jamiyat
467 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazining “Oʻzbek tili va adabiyoti” yoʻnalishida tahsil olgan 103 nafar afgʻonistonlik bitiruvchiga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining hamda “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” yoʻnalishida tahsil olgan 8 nafar bitiruvchiga Toshkent davlat transport universitetining bakalavr diplomlari tantanali topshirildi.

Tadbirda soʻz olgan markaz direktori Oybek Roʻziyev, Afgʻonistonning Termiz shahridagi Bosh konsuli Muhammad Idris Zarshuy va boshqalar bitiruvchilarni qizgʻin muborakbod etishdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida xorijlik yoshlar 4 yil davomida tahsil olishdi. Mashgʻulotlarni samarali tashkil etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat transport universitetining malakali professor-oʻqituvchilari ham jalb etildi.

— Taʼlim markazimiz faoliyatiga jahonning koʻplab davlatlari katta qiziqish bildirishmoqda, — deydi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi rahbari Oybek Roʻziyev. — Xususan, bugungi kunda dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari — BMT, YEIHT hamda AQSH, shuningdek, Germaniya, Slovakiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Rossiya kabi davlatlar bilan markazimiz oʻrtasida ilmiy-amaliy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va taʼlim sohalarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Bu esa markazning moddiy texnika bazasini yanada boyitish hamda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish orqali taʼlim jarayonining sifatini oshirish, Afgʻoniston iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiluvchi malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.                            

Bitiruvchilarning bir guruhi oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishni magistratura bosqichida davom ettirish istagida boʻlsa, aksariyati oʻz mutaxassisligi boʻyicha Afgʻoniston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish uchun oʻz yurtiga yoʻl olishadi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер