Taqdirimizdan minnatdormiz

11:04 15 Noyabr 2024 Jamiyat
197 0

Namanganda oʻn besh ming nafarga yaqin rus millatiga mansub yurtdoshlarimiz umrguzaronlik qilishadi. Ularning koʻpi shu joyda tugʻilib oʻsgan boʻlsa, boshqalari uni ikkinchi Vatan sifatida qadrlashadi. Mening Rossiyadan gullar shahriga kelib yashay boshlaganimga esa oʻttiz besh yildan oshdi.

Ruslar mehmondoʻst Namangan zaminida oʻzbeklar bilan qadrdonlashib ketgan koʻp sonli millat vakillaridan hisoblanadi. Urf-odat va anʼanalarimizdagi oʻxshashlik, rus xalqi bayramlari va boshqa marosimlarni emin-erkin nishonlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi ishlar yoshlar tarbiyasi, ularda Vatanga, Istiqlol gʻoyalariga sadoqatni mustahkamlashda muhim omil boʻlmoqda. Xususan, doʻstlik va birodarlik, yagona Vatan tuygʻusini ulugʻlovchi madaniy-maʼrifiy tadbirlarning doʻstlik va birodarlik rishtalarini kuchaytirishdagi oʻrni katta. Oʻzim mehnat qilayotgan rus tilida nashr etilayotgan viloyat gazetasida barcha namanganliklar qatori millatdoshlarimiz hayoti, mehnatdagi yutuqlari izchil yoritib boriladi.

Aytish kerakki, oʻz iqtidori, bilim va tajribasini namoyon etishi uchun yaratilgan teng imkoniyatlar rus diasporasining ijtimoiy hayot va ishlab chiqarishdagi faolligini oshirmoqda. Buni, masalan, ular orasidan koʻplab salohiyatli mutaxassislar, el koriga kamarbasta tadbirkorlar, innovatsion gʻoyalari bilan taraqqiyotga hissa qoʻshayotgan yoshlar yetishib chiqayotgani bilan tasdiqlash mumkin. Ulardan biri Anna Dobrix viloyatdagi istiqbolli tekstil korxonasini mahorat bilan boshqarayotir. Isteʼmol bozorini raqobatbardosh mahsulotlar bilan toʻldirish, hudud eksport salohiyatini yuksaltirish borasida koʻpchilikka ibrat boʻlayotgan tadbirkor ayol “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Bunday faol yurtdoshlarimiz orasida Namangan davlat universiteti oʻqituvchilari Antonina Iplina, Yevgeniy Zinin singari taʼlim fidoyilari, biznesmen Sergey Shevsov singari taqdiridan minnatdor koʻplab insonlar bor.

Birgalikda ahil va inoq hayot kechirish, birodarlik tuygʻularini mustahkamlashda viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan milliy madaniyat markazlari uchun barpo etilgan “Doʻstlik uyi”da yaratilgan sharoit va imkoniyatlarning oʻrni beqiyos. Biz bu yerda eng yaxshi kunlarimizni birgalikda nishonlaymiz, tajribalarimizni oʻrtoqlashamiz, muammoli masalalarimizni hamkorlikda hal qilamiz.

Kuni kecha “Bagʻrikenglik haftaligi” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etdik. Unda turli millat vakillari ishtirokidagi katta konsert barchani xushnud etdi.

Bu ishlarning hammasi jonajon Oʻzbekistonimizda barcha millat va elat vakillarining bir oila farzandlari singari hayot kechirishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgani, inson qadri, uning manfaatlari ustuvorligi taʼminlanayotgani sharofatidir.

Igor REShETNIKOV,

“Namanganskaya pravda” gazetasi masʼul kotibi,

viloyat rus milliy madaniyat markazi faoli.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?