Senat Raisi boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 148-Assambleyasida ishtirok etmoqda

19:41 25 Mart 2024 Siyosat
893 0

2024-yil 23-27-mart kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning (PI) 148-Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bir yilda ikki marta o‘tkaziladigan Assambleyada dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab parlament vakillari ishtirok etmoqda.

Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, Parlamentlararo ittifoq milliy parlamentlarning global tashkiloti bo‘lib, u 130 yildan ko‘proq vaqt oldin barcha mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va muloqotni rag‘batlantiradigan dunyodagi birinchi ko‘p tomonlama siyosiy tashkilot sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda 180 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy parlament organi Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo. Tuzilma demokratiyani targ‘ib qiladi va parlamentlarni kuchliroq, yoshroq, yashilroq, gender jihatdan muvozanatli va innovatsion institutlarga aylantirishga yordam beradi.

Assambleya “Parlament diplomatiyasi: tinchlik va o‘zaro hamjihatlik uchun ko‘prik yaratish” mavzusidagi umumiy munozaralar doirasida uyushtirildi. Asosiy eʼtibor umumiy mavzuda delegatlarga muhokama uchun platforma yaratish va parlament faoliyatini kuchaytirish yuzasidan fikr almashishga qaratildi.

Assambleyada Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Senat Raisi o‘z nutqida tez o‘zgarib borayotgan va oldindan aytish qiyin bo‘lgan xalqaro vaziyat hamda davlatlararo munosabatlarda bir-birini tushunish tobora taqchil bo‘layotgan bir davrda parlamentlar roli har qachongidan muhim ahamiyatga ega bo‘layotganini taʼkidlab o‘tdi.

Parlamentlararo ittifoqning parlament diplomatiyasini mustahkamlashga qaratilgan konseptual tamoyillarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda alohida eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi.

Jumladan, parlament diplomatiyasi davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning asosiy mexanizmi sifatida nizolarning oldini olishda muhim o‘rin tutishi, parlamentlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini faol himoya qilishi kerakligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar eʼtibori parlament aʼzolari o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga, umumiy muammo va vazifalarni hal etishga ko‘maklashadigan mintaqaviy hamkorlik muhimligiga qaratildi.

Assambleya avtonom qurol tizimlari hamda sunʼiy intellektning ijtimoiy va gumanitar taʼsirini bartaraf etish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik: arzon yashil energiyadan foydalanishni rag‘batlantirish va innovatsiyalar, masʼuliyat va adolatni taʼminlash bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Assambleyaning umumiy mavzusi bo‘yicha yakuniy hujjat ham qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?