Taʼlimda sifat va samaradorlik ortmoqda

16:41 14 Oktyabr 2024 Jamiyat
177 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatida umumtaʼlim maktablarida zamonaviy sharoit yaratish bilan bir qatorda taʼlim sifatiga ham jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Oʻtgan yili viloyatda taʼlim sifati past maktablar soni 88 ta boʻlsa, bu yil 69 tani tashkil etdi. 2024-2025 oʻquv yilida bu maktablarga tuman, shaharlardagi namunali, taʼlim sifati yuqori boʻlgan maktablar amaliy yordam koʻrsatishi uchun biriktirildi.

Zamonaviy bilimlarni egallashda oʻquv vositalari, kompyuterlarning ahamiyati katta. Bugungi kunda oʻquvchilarga interaktiv elektron doskalardan foydalanish orqali mavzularni tushuntirish taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Narpay tumanidagi 70 ta umumtaʼlim maktabining 39 tasida elektron doskalar oʻrnatilgan edi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan hududdagi 31 ta umumtaʼlim maktabiga ham interaktiv doskalar topshirildi. Paxtachi tumani hokimligi tomonidan esa 17 ta umumtaʼlim maktabiga elektron doskalar tuhfa qilindi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi. Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash va zamonaviy bilimlar berishda barcha oʻqituvchilarga omad tiladi.

—Umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida yangi loyihalar amalga oshirilyapti, mavjudlari takomillashtirilyapti, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Shahzod Eshonqulov. — Masalan, yangi oʻquv yili uchun “Zoʻr” loyihasi asosida 42 nafar xorijlik mutaxassis jalb etildi. Ular taʼlim beradigan maktablarda mahalliy oʻqituvchilar uchun mahorat darslari tashkil etilmoqda. Qoʻshrabot, Nurobod, Kattaqoʻrgʻon tumanlarining olis hududlarida boshqa viloyatdan kelib dars oʻtayotgan tajribali oʻqituvchilar faoliyati ham yaxshi samara beryapti. Nurobod tumanidagi 55-, Qoʻshrabotdagi 19-maktab bundan ikki yil avval qizil toifada edi. Ustozlar saʼy-harakati bilan bu taʼlim muassasalari bugungi kunda yashil toifadagi maktablarga aylandi.

Oʻtgan oʻquv yilida 68 ta maktab yangi baholash tizimiga oʻtkazilgandi. Buning natijasida taʼlim sifati oshgan va yuqori natijalarga erishgan ushbu maktab jamoalariga 40 foizgacha ustamalar belgilanishi maktablar oʻrtasida sogʻlom raqobatni yuzaga keltirdi. Yangi oʻquv yilidan yana 50 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?