Taksichilar “kashf etgan” ajabtovur lugʻat yoki yoʻlovchilar uchun aspirin...
Bugun yurtimizda transport xizmati koʻrsatishda xususiy avtomashinalar haydovchilari – taksi xizmatiga har birimizning ishimiz tushadi. Bevosita koʻrib, kuzatib borishimizcha, ularning xizmat koʻrsatish odobi, muomala madaniyati, sanitariya-gigiyena va xavfsizlik qoidalariga rioya etishi ancha ogʻriqli mavzu. Ammo bugungi mulohazalarimiz ushbu guruh aʼzolarining ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalari xususida boʻladi.
Yaqinda ehtiyoj tufayli ana shunday guruhlardan biriga aʼzo boʻlib, u yerdagi yozishmalarni oʻqib, juda ham noqulay ahvolga tushdim.
Keling, shu oʻrinda taksi haydovchilari oʻrtasidagi baʼzi yozishmalardan misollar keltiramiz. Istagancha xato topish mumkin boʻlgan ushbu yozishmalar bir qarashda arzimas mavzudek tuyuladi. Lekin bunga eʼtibor talab qilmaydigan yumush sifatida qarash ham katta xato.
Oʻn mingga yaqin obunachisi boʻlgan saytdagi yozishmalarni koʻring: “Ayola (ayollar), ayool (ayol) kishi bor”, “Mashina binzin (benzin), konsaner (konditsioner)”, “Pochtala (pochtalar) bosa (boʻlsa) olamz (olamiz)”, “Toldik (toʻldik), poshta (pochta), olamz (olamiz)”, “Bagaj bosh (boʻsh)”, “Tuldik (toʻldik), poshta (pochta) busa (boʻlsa) yetkizib (yetkazib) beramz (beramiz)” va hokazo.
— Hayotiy ehtiyoj tufayli tez-tez viloyatlararo qatnovchi taksi mashinalari xizmatidan foydalanishimga toʻgʻri keladi,—deydi fargʻonalik Abdurasul Kamolov. – Afsuski, baʼzi haydovchilar xizmat koʻrsatish, muomala madaniyatiga umuman rioya etishmaydi. Telefondan foydalanish, tezlikni meʼyorida boʻlishini taʼminlash borasida asabni buzadigan holatlar koʻp uchraydi. Shu bois uzoq yoʻlga chiqqanda yonimda hamisha bosh ogʻriq dorisi – aspirin boʻladi.
Haydovchilarning gʻij-gʻij xatolarga toʻla oʻzaro yozishmalari esa ham kulgili, ham achinarli holat. Toʻgʻri, ularning bilimi, savodi uchun hech kim masʼuliyatni zimmasiga olmaydi. Ammo bundan shunchaki koʻz yumib ketaverish ham notoʻgʻri, deb oʻylayman.
Xulosa oʻrnida aytganda, bu dunyoda hamma yoʻlovchi. Har kuni turli yumushlar sabab koʻchaga chiqqach, barchamiz yoʻlovchiga aylanamiz. Ayni jarayonda oʻzaro hurmat saqlash, bir-birimizga oʻrinsiz ozor bermaslik kerak. Aks holda yoʻlda oʻzimiz bilib-bilmay turli muammolar bilan yuzma-yuz boʻlaveramiz.
Istaymizki, taksi haydovchiligi shunchaki pul topish manbai boʻlib qolmasligi lozim. Har bir ishda boʻlgani kabi haydovchilikda ham bilim, kasb odobi, etikasi, madaniyati boʻlishi zarur.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring