Surxon vohasi jadal rivojlanayotgan hududga aylanmoqda
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati Angor tumanida Mahbuba Davlatova non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xususiy korxonasini ochib, 20 ta ish oʻrni yaratdi. Ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilgan bu ayol bugun ish beruvchiga aylandi.
— Tadbirkorlikka ishtiyoqim boʻlsada, imkoniyatim yoʻq edi, — deydi M. Davlatova. — Dastlab mahallamiz faollari koʻmagi bilan uy sharoitida oʻzim turli pishiriqlar tayyorlab sotdim. Keyin boʻsh turgan binoni olib, imtiyozli kredit evaziga zarur asbob-uskunalar bilan jihozladim. Harakatlarim zoye ketmadi, ishim yurishdi. Bugungi kunda 39 turdagi mahsulot ishlab chiqaryapmiz. 20 nafar xotin-qizning doimiy bandligi taʼminlangan. Ular 2 million soʻmdan ortiq maosh olmoqda. Seximizda mahalla xotin-qizlar faolining tashabbusi bilan qandolatchilik boʻyicha oʻquv kursini ham tashkil qilganmiz. Qiziquvchi ayollar u yerda pazandalik sirlarini oʻrganadi. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirib, mahsulot turlari va ish oʻrinlarini ham koʻpaytirishni rejalashtirganmiz.
Oddiy bir qishloq ayoliga bunday shijoat, gʻayrat, taʼbir joiz boʻlsa, omad qayerdan kelgan deb oʻylaysiz. Ilgari oʻzi yordamga muhtoj boʻlgan bu ayol qanday qilib bugun ish beruvchiga, tadbirkorga aylandi? Bularning bari davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati, islohotlarimiz toʻgʻri tanlangan strategiyadan borayotgani va albatta, inson qadri oliy mezon boʻlgan yangi hayot, yangi jamiyat qurish yoʻlida jipslashganimiz samarasidir.
Biz oʻtgan sakkiz yil mobaynida iqtisodiyotda imkoniyatlarni ishga solish orqali olamshumul marralarga erishayotganimiz amalda koʻrinmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilgan dalillar buni yana bir karra tasdiqlaydi.
Tahlillar koʻrsatishicha, 2024-yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaygan, sanoat — 7,8 foizga, qurilish — 10,1 foizga, xizmatlar — 12,9 foizga, qishloq xoʻjaligi — 3,8 foizga oʻsgan. Byudjet daromadlari ham 113 trillion soʻmga yetib, 14 foizga oshgan.
Yil boshidan buyon 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratilgan, tadbirkorlik uchun 82 trillion soʻm kredit va 15,5 trillion soʻm subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Bu koʻrsatkichlar yurtdoshlarimizning farovonligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan ishlarning raqamlarda aks etgan ayrim koʻrinishlari xolos. Vaholanki, ilgari bunday raqamlar amaliyotda kuzatilmagan.
Ushbu natijalarga erishishda Surxondaryo viloyatining ham hissasi bor, albatta. Soʻnggi yillarda Surxon vohasi jadal rivojlanayotgan hududga aylanmoqda. Oxirgi yetti yilda katta oʻzgarishlar boʻldi. Yoʻl, suv, yer, uy-joy, taʼlim va tibbiyot infratuzilmasi yaxshilandi.
Viloyat statistika boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning birinchi yarmida viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmi joriy narxlarda 21 381,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda 5,4 foizga oʻsganini koʻrish mumkin. Yalpi hududiy mahsulot deflyator indeksi 2023-yilning yanvar — iyun oylari narxlariga nisbatan 109,0 foizni tashkil qildi. Eʼtiborlisi, respublika boʻyicha YAIMning shakllanishida Surxondaryo viloyatining qoʻshgan hissasi 3,8 foizga yetdi.
Viloyatning tashqi savdo aylanmasi ham yildan yilga oʻsib bormoqda. Xususan, MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2024-yil yanvar — iyun holatiga koʻra, 64 755,5 ming dollarni tashkil etdi. Shundan eksport 54 471,6 ming dollarga yetgan boʻlsa, import 10 283,9 ming dollar qiymatida qayd etildi.
Ilgari faqat agrar hudud sifatida qaralgan viloyat bugungi kunda sanoatlashmoqda. Har yili yangi korxonalar tashkil etilayotir. Odamlarda ishbilarmonlik kayfiyati ortayotganini 2024-yil 1-iyul holatiga koʻra, hududda fermer va dehqon xoʻjaliklaridan tashqari 23 ming 479 ta korxona faoliyat koʻrsatayotganidan ham bilsa boʻladi.
— Prezidentimiz videoselektor yigʻilishida yangi tashabbus va gʻoyalar asosida qoʻshimcha choralarni belgilab berdi, — deydi Surxondaryo viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov. — Ushbu islohotlar zamirida “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosidagi ishlarni qatʼiy davom ettirish yotadi. Masalan, endi tuman hokimi, bank rahbari va mahalla raisi bir boʻlib ishlash boʻyicha uch tomonlama shartnoma tuzadi. Joriy yil 1-dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholining bandligi taʼminlanadi. Ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovi 1,5 barobar oshirilib, 4 trillion soʻm ajratiladi. Umuman olganda, yigʻilishda davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar bekam-u koʻst bajarilishi boʻyicha viloyatimizda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shu oʻrinda “Sayxunobod tajribasi” amaliyotda oʻzini oqlaganini alohida taʼkidlash joiz. Sir emas, ilgari koʻp xonadonlarda tomorqani toʻldirib beda ekilardi. “Sayxunobod tajribasi” asosidagi targʻibot, qoʻllab-quvvatlash samarasida bugun odamlarning yerga boʻlgan munosabati oʻzgardi. Masalan, hozir 20 sotixli tomorqada bogʻdorchilik, uzumchilik, uning atrofida asalarichilik, yana bir qismida issiqxona tashkil etgan oilalar juda koʻp. Joriy yildan boshlab garovsiz kreditlarni olish miqdori 100 million soʻmga oshirildi, aholini tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish maqsadida maxsus oʻqishlar tashkil etildi. Joriy yilning oʻtgan olti oyida hududimizda 2 ming 720 ta yangi korxona tashkil etildi.
Muxtasar aytganda, munosib turmush tarzini oʻz hayotida koʻrayotgan xalqimizning bugun koʻngli toʻq, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkam. Eng muhimi, bularning bari oson kechmayotganini ham his qilib turibdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring