Sotuvchilar nega xarid chekini berishni xohlamaydi?
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Bir qop un naqdga 220 ming soʻm, toʻlov terminali orqali boʻlsa 225 ming soʻm. Nega bunday? Doʻkon sotuvchisi bilan har ikkisida ham toʻlovda narx bir xil boʻlishi lozimligi haqidagi bahsimiz natija bermadi, u “Men unni naqdga olib kelganman”, deya bezrayib turib oldi.
Koʻpchilikning yodida, bundan necha yillar avval bank plastik kartalaridan foydalanish joriy etilib, isteʼmolchilar bilan hisob-kitobni zamonaviy toʻlov terminallari orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyilgani aholiga katta qulaylik tugʻdirgan, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida bu masala qatʼiy qilib qoʻyilgan edi.
Buni qarangki, keyingi paytlarda onlayn nazorat kassa mashinasi va toʻlov terminali mavjud boʻlishiga qaramasdan ularni ishlatishni xush koʻrmaydigan sotuvchilar uchramoqda. Ayniqsa, toʻlovni plastik kartadan yechib olishni u yoki bu bahona bilan rad etish holatlari koʻngilni xira qiladi. Bu toifadagi sotuvchi va xizmat koʻrsatish xodimlari nima uchun naqd pul olishni afzal koʻrishadi? Tovar aylanmasi shaffofligini yashirish, soliqdan qochish uchun, shunday emasmi? Qonunbuzarlik oxir-oqibatda yashirin iqtisodiyotga yoʻl ochadi
Yashirin iqtisodiyot, oʻzining tabiati boʻyicha rasmiy statistikalarda koʻrsatilmaydigan va davlat nazoratidan chetda qoladigan iqtisodiy faoliyatlar yigʻindisidir. Uning koʻlami nafaqat soliq bazasining qisqarishiga, balki ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy noaniqlikning ortishiga ham olib keladi.
Ushbu sohada belgilangan qonun-qoidalarning buzilishi yana bir holat — onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish masalasida ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun, savdo tarmoqlarida koʻpincha xaridimiz uchun beriladigan chekni sotuvchilar taqdim etmaydi yoki oʻzimiz talab qilmaymiz. Holbuki, chekni talab qilish – davlat byudjetiga soliqlar tushumi ortishiga, yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishiga xizmat qiladi. Bu ishga eʼtiborsizlik daromadini yashirishga urinayotgan subyektlarning tegirmoniga suv quyishdan boshqa narsa emas.
Bugungi kunda savdo va xizmat koʻrsatishning ushbu oddiy talablari ijrosi qanday nazorat qilinmoqda?
— Isteʼmolchilarga xarid cheki berilmaslik, ana shu kabi holatlarning oldini olish boʻyicha “Soliq hamkor” tizimi orqali kelayotgan murojaatlar asosida soha xodimlari tomonidan sayyor tekshiruvlar oʻtkazilmoqda, — deydi Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muxtorjon Ahmedov. — Xususan, joriy yilda viloyatda ushbu tizim orqali kelib tushgan 1074 ta murojaat boʻyicha tadbirkorlik subyektlarida tekshirish oʻtkazilib, tegishli choralar qoʻllanildi. Savol tugʻiladi, nima, ushbu subyektlar mutasaddilari chek berishni rad etish yoki bermaslik Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq 5 million soʻm miqdoridagi jarima solinishiga sabab boʻlishini bilmaydi, deysizmi?!
Bilishadi. U holda Davlatobod tumanidagi “Irvadon” mahallasida joylashgan “Malohat” nomli umumiy ovqatlanish shoxobchasida mijozga 26 ming soʻmlik xarid cheki berilmaganini, kunlik 1 million 487 ming soʻm naqd pul onlayn nazorat kassa mashinasiga kirim qilinmaganini qanday baholash mumkin? Yangi Namangan tumanidagi “Istanbul food” masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli oshxonada oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvida ham sotuvchi tomonidan xaridorga 78 ming soʻmga chek berilmagani, kunlik savdodan tushgan 19 mln. 535 ming soʻm naqd pul kirim qilinmagani aniqlandi. Mazkur yoʻnalishdagi boshqa holatlar boʻyicha soliq idorasi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirilgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda Namangan viloyatida 9 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanmoqda. Ularning aksariyati toʻlov terminallari bilan jihozlangan.
Xoʻsh, yuqorida keltirilgan raqamlar ozmi yoki koʻp? Savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari har qadamda uchrashi va kun sayin koʻpayib borayotgani hisobga olinsa savolga javob oydinlashadi. Qolaversa, xalqimizga qulaylik yaratish uchun oʻrnatilgan ushbu vositalar hamisha va hamma joyda toʻliq ishlamogʻi lozim. Shunda chek orqali rasmiylashtirilmagan xaridga oʻrin qolmaydi, zamonaviy elektron hamyon – bank plastik kartalari egalari hisob-kitobda asossiz toʻsiqlarga duch kelmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring