Sobiq sudlangan hokim yordamchisi yana “hunar” koʻrsatdi. DXX bir qator tuman hokimlari oʻrinbosarlari va yordamchilarini pora bilan qoʻlga tushirdi
Foto: Illustrativ
Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Andijonda tuman hokimlari oʻrinbosarlari va yordamchilarini pora bilan qoʻlga tushirdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy holatlar aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, Dehqonobod tumani hokimining oʻrinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qoʻyish evaziga tuman hokimligining maʼmuriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obyektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yoʻli bilan bartaraf etib berish evaziga 15 million soʻm olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qoʻlga olindi.
“Hozirda hokim oʻrinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan», deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi olib berish evaziga 20 million soʻm olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilganda muqaddam sudlangan hokim yordamchisi oʻz xizmati uchun 10 million soʻm hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablagʻi ajratib berish evaziga 2 million soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Maʼlum qilinishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga bankdan 100 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishida yordam berish evaziga 9 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan fosh qilingan.
Shuningdek, hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgani aytilmoqda.
Yana bir holatda Xovos tumani hokimining oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sugʻorish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini taʼminlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
“Hovos tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi», deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring