Siyosiy partiyalar saylovlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etmoqda
Bugun Markaziy saylov komissiyasida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.
Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomalarni olganidan soʻng, saylovchilarning imzosini toʻplashga kirishgan edilar.
Qayd etish joiz, siyosiy partiya Oʻzbekiston Prezidentligiga koʻrstilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlab, jami saylovchilarning umumiy sonidan kamida bir foizining imzosini (taxminan 212 ming imzo) toʻplashi kerak.
Saylov kodeksining 38-moddasiga muvofiq, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishga haqli.
Imzo varaqasi imzoni toʻplagan shaxs tomonidan oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.
Saylovchilarning imzosini toʻplash ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo toʻplash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo toʻplayotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va oʻziga ogʻdirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Saylov kodeksining 39-moddasiga asosan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida oʻn besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.
Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinadi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring