Senat Raisi Toshkent tumani jamoatchiligi vakillari bilan uchrashib, aholi bilan muloqot oʻtkazdi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Joriy yilning 24-iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tinishish hamda aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Toshkent viloyatining Toshkent tumanida boʻldi.
Senat Raisining dastlabki manzili tumanning “Xasanboy” MFY hududidagi 9-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi. Muassasa 1939-yilda qurilgan 140 oʻrinli moslashtirilgan bino oʻrnida, aholining talab va istaklarini hamda hududdagi maktabgacha taʼlimga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan xolda 560 oʻringa moʻljallab yangidan barpo etildi. Eʼtiborli jihati, maktabgacha taʼlim tashkilotida taʼlim laboratoriyasi tashkil etilgan boʻlib, tumandagi boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlari vakillari taʼlim va tarbiyaning ilgʻor shakllari boʻyicha malakalarini oshirib borishadi.
T.Narbayeva bu yerda tuman maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar bilan muloqot qildi. Taʼlim fidoyilari keyingi yillarda oʻqituvchilarning nufuzi va mavqeyini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, ularni moddiy hamda maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan koʻrilayotgan choralar, tizimda majburiy mehnatning toʻliq bartaraf etilgani tufayli taʼlim jarayonida sifatning yaxshilanayotganiga toʻxtalib oʻtdilar.
“Bahor gullari” MCHJda esa turli jabhalarda samarali mehnat qilgan tuman nuroniylari bilan dildan suhbat boʻlib oʻtdi. Nuroniylar ayni paytda mamlakatda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlari, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan koʻrilayotgan choralar, yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarga berilayotgan eʼtibor, yoshlarni jamiyatda oʻz oʻrnilarini topishlari, taʼlim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarga toʻxtalib oʻtdilar. Xususan, keyingi yillarda taʼlimdagi islohotlar natijasida yoshlarda tanlov imkoniyati kengaygani, nafaqat soni bir nechaga ortgan oliy oʻquv yurtlari, balki xorijning nufuzli taʼlim muassasalariga yurtimizda turib, taʼlim granti asosida oʻqishga kirayotgani, ularning maʼnaviy dunyosini boyitish maqsadida mamlakatimiz hududlarida yirik markazlar tashkil etilayotgani kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga kiritilgan sarmoya ekanini taʼkidlab oʻtdilar.
Bugun tadbirkorlik subyektlari iqtisodiyotni harakatlantiruvchi drayverga aylanib bormoqda. Shu maʼnoda, T. Narbayeva tumandagi tadbirkorlar bilan ham uchrashdi. Jumladan, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Fazliddin Ahmedov ayni paytda 200 ga yaqin ish oʻrni yaratgani, tayyorlanayotgan mahsulotning 40 foizi Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Gruziya, Xitoy va Moʻgʻuliston kabi davlatlarga eksport qilayotganini aytib oʻtdi. Xususan, oʻtgan yilda eksport xajmi 2,5 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, bu yil 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Tadbirkor yaratilgan imkoniyatlar tufayli yana 1,5 million dollar investitsiya kiritish hisobiga 60 ta yangi ish oʻrni yaratish ustida ish olib bormoqda. Senat Raisi korxonada faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularga yaratilgan sharoitlar bilan ham qiziqdi.
Shu yerning oʻzida tumandagi hokim yordamchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida maʼlum boʻlishicha, ayni paytda aholini ish bilan taʼminlash bogʻliq masalalar oʻz yechimini topgan, hattoki qoʻshni tumanlar fuqarolarini ham ish bilan taʼminlash uchun imkoniyatlar mavjudligi aytib oʻtildi.
Tumanda aholi sogʻligʻini saqlash yoʻnalishiga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash, koʻrsatilayotgan xizmat sifatini oshirish maqsadida malakali tibbiyot xodimlarini jalb etish shular jumlasidan.
T.Narbayeva yaqinda foydalanishga topshirilgan tumanlararo perinatal markaz faoliyati va unda aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, unga yaqin mahallalar aholisi bilan muloqot qildi.
Bunga qadar 110 oʻrinli Toshkent tumani tugʻruq kompleksi faqatgina shu hudud aholisiga xizmat koʻrsatgan. Shifoxona asosan asoratsiz tugʻruqlarni qabul qilishga moʻljallangan boʻlib, asoratli va kam vazn bilan tugʻilgan chaqaloqlar respublika muassasalariga va Chirchiq shahrida joylashgan viloyat perinatal markaziga 50-70 km. masofa bosib olib borilar edi.
Muassasani zamonaviy standartlarga mos holga keltirish uchun 18,2 mlrd. soʻm investitsiya dasturi doirasida mablagʻ sarflandi. Markaz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan toʻliq jihozlandi. Buning uchun 2,1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Muassasada qoʻshimcha 10 oʻrinli “Chaqaloqlar patologiyasi” va 6 oʻrinli “Chaqaloqlar reanimatsiyasi” boʻlimlari tashkil etildi. Bundan tashqari, markazning 35 nafar shifokori respublika muassasalarida alohida tashkil etilgan oʻquv kurslarida tibbiy malakalarini oshirib qaytdi.
Senat Raisining hududlarga tashrifi davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring