Saudiyalik investorlar Quva tumanida tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodini qurish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda

06:21 31 Avgust 2023 Jamiyat
289 0

Fargʻona viloyat hokimligida yirik  xorijiy  tadbirkorlar  bilan  uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Viloyat  hokimligi axborot xizmati  maʼlumotiga koʻra, tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish  hamda savdosi bilan shugʻullanuvchi “Medzon Health” va “Alsaadi holding” kompaniyalari boshqaruv raisi Abdul Al-Saadi va Saudiya Arabistoning “Rosemarin” kompaniyasi rahbari Bassam Al-Saadi bilan oʻtgan muloqotda oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Dastlab mehmonlarga yurtimizda investorlarga yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar, xususan, Fargʻona viloyatidagi ishbilarmonlik muhiti haqida maʼlumot berildi.

Al-Saadi 2015-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan “Medzon Health” kompaniyasi bugungi kunda Turkiya, Tailand, Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi davlatlarda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyganini taʼkidladi.  U Fargʻonada ham bir qator loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdi.

Xususan, muzokaralar davomida Quva tumanida 500 ta ish oʻrniga ega tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodi loyihasini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida hududdagi mavjud shart-sharoitlar oʻrganib chiqilib, istiqboldagi hamkorlik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер