Samarqandda “Sharq taronalari” yangraydi

13:08 26 Avgust 2024 Jamiyat
67 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. YUNESKO shafeligida 1997-yildan buyon har ikki yilda Samarqandda oʻtkazib kelinayotgan anʼanaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu yil oʻn uchinchi marta musiqa ixlosmandlari eʼtiboriga havola etiladi.

Bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 300 nafardan ziyod vakil ishtirok etishi kutilyapti. Professional darajadagi xalq musiqasi yoʻnalishida Toshkent shahridagi “Maqom bend” jamoasi va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri qoshidagi milliy mumtoz ansambli, xalq qoʻshigʻi yoʻnalishida navoiylik Sherzod Mardonov, zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa yoʻnalishida nay sozida Toshtemur Shukrullayev hamda buxorolik Gulchiroy Baxshilloyeva ushbu sanʼat festivalida Vatanimiz nomidan ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritgan.

Bugun festivalning rasmiy ochilish tadbiridan keyin, 27, 28, 29-avgust kunlari xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining koʻrik-tanlovda chiqishlari namoyishi koʻzda tutilgan. Ularning dasturlari xalqaro hayʼat tomonidan professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qoʻshiq yoʻnalishi hamda zamonaviy musiqa va qoʻshiq yoʻnalishi boʻyicha baholanadi. 30-avgust kuni festival gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi va ular ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.

Shuningdek, 27-28-avgust kunlari festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Unda musiqashunoslar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, konferensiya odatdagidek yalpi majlisdan iborat boʻlmaydi. Uch shoʻbaga boʻlingan holda milliy qoʻshiqlar, maqom namunalari ijro etiladi. Bundan tashqari, konferensiya doirasida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi sanʼat va musiqa universitetlari ittifoqining yigʻilishi oʻtkaziladi va ushbu universitetlar rektorlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.

Festival ishtirokchilari Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlovda ishtirok etish bilan birga Samarqand shahri va Samarqand, Payariq, Oqdaryo, Toyloq, Pastdargʻom tumanlaridagi teatrlar, madaniyat va istirohat bogʻlarida konsert dasturlarini namoyish etadi.

Festivalni nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning barcha qitʼalari boʻylab keng yoritish maqsadida Samarqand shahridagi Yoshlar markazida xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun 120 oʻrinli “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali matbuot markazi tashkil qilindi.

— Matbuot markazida 80 ta kompyuter va printer oʻrnatilgan, ular yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan, — deydi Madaniyat vazirligi axborot xizmati masʼul xodimi Orifjon Fayziyev. — Shuningdek, matbuot markazi tomonidan Wi-Fi internet tarmogʻi havola hamda boʻlib oʻtayotgan tadbirlardan olingan rasm va video maʼlumotlarni oʻzida jamlovchi (QR-kod) baza tashkil etilgan.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlarga matbuot markazida festival doirasida Registon maydonida boʻlib oʻtayotgan barcha tadbirlarni katta Led-ekran orqali online rejimida kuzatib turish imkoniyati ham yaratildi.

“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini yoritish uchun xorijdan hozirgacha 50 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishi maʼlum qilingan.

Bundan tashqari, respublikamizning 70 nafardan ziyod jurnalistlari, shuningdek, Samarqand viloyatidagi barcha ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar xalqaro musiqa festivali doirasidagi xabarlarni oʻz axborot resurslari orqali tarqatish uchun ushbu matbuot markazida faoliyat olib boradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер