Samarqandda “Inson huquqlari sohasida taʼlim” global forumi boʻlib oʻtmoqda

14:49 05 Dekabr 2022 Jamiyat
462 0

Foto: Xalq so‘zi

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslari asosida inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish muammolari muhokama qilinmoqda.

Tadbirni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi va forumni “Inson huquqlari boʻyicha taʼlim: deklaratsiyadan – amaliyotga” shiori asosida oʻtkazishni taklif qildi.

Global forum Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bagʻishlanadi. Mazkur Deklaratsiya 2011-yil dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.

Ochilish marosimida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Munir Mamedzade, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilegas, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori Xristos Giyakumopulos videomurojaati va tabriklari tinglandi. MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi - Ijrochi kotibi Sergey Lebedev nutqini MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari - Ijrochi kotibi Beketjan Jumaxanov oʻqib eshittirdi.

Global forumda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi taʼlim mutaxassislari, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlarning 100 nafardan ortiq vakili offlayn va onlayn tarzda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro va 6 ta mintaqaviy tashkilot, 30 davlatdan inson huquqlari boʻyicha yetakchi xorijiy ekspertlar hamda professor-mutaxassislar qatnashyapti. Forum ishtirokchilari safida, shuningdek, 150 ta milliy tashkilotning 2 ming nafardan ziyod vakili bor. Ular asosan 20 ta vazirlik va idoralar, yurtimizning barcha hududlaridan 50 ta oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilotlar, 60 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti, jumladan, yoshlar tashkilotlari faollaridan iborat.

Samarqand global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Jahon taʼlim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat.

Forumning birinchi yalpi majlisi “BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi: natijalar va zamonaviy muammolar” mavzusiga bagʻishlandi. Unda ushbu deklaratsiyani amalga oshirish, inson huquqlari boʻyicha samarali taʼlimni taʼminlash tamoyillari va yondashuvlar, texnologik oʻzgarishlar negizida erishilgan yutuqlar va olingan saboqlar, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida mavjud zamonaviy muammolar muhokama qilinmoqda.

Ikki kun davom etadigan forumning birinchi kunida, shuningdek, 4 ta parallel sessiya tashkil etiladi. Ularda maktab yoshidagi bolalar uchun, oliy taʼlim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi taʼlim, kasbiy institutlar (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) orqali ushbu sohada uzluksiz taʼlimni taʼminlash, fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari boʻyicha norasmiy taʼlim hamda mavjud tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolarga eʼtibor qaratiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?