Samarqandda ikkinchi bor choy festivali oʻtkazildi

14:55 22 May 2024 Jamiyat
331 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Choy oʻzining foydali xususiyatlari bilan dunyoda keng tarqalgan oʻsimliklardan biri boʻlib, 5 ming yildan ortiq tarixga ega.

Uning sogʻliqni saqlash, madaniyat va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qoʻshgan hissasi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda. Choy oziq moddalarning muhim manbai va dunyoda eng koʻp isteʼmol qilinadigan ichimlik hisoblanadi.

Choyning uzoq tarixi, dunyo miqyosida tutgan madaniy va iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda 2019-yil 19-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21-mayni «Xalqaro choy kuni» deb eʼlon qilgan.

Ushbu sana munosabati bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bir qator korxona va tashkilotlar hamkorligida «Choy, madaniyat, tinchlik» nomli ikkinchi Samarqand festivalini tashkil etdi. Unda ziyolilar, xorijlik mehmonlar va universitet professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Choy Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, oʻzbekistonliklar uchun oddiy ichimlik boʻlib qolmasdan, u mamlakatlar tarixi va madaniyatida ham muhim oʻrin tutadi.

Festivalida oʻzbek choyi bilan birga turli mamlakatlar va turfa xalqlarning choy ichish madaniyati, choy damlash texnikasi namoyish etildi.

Xitoyning eng yaxshi choy navlaridan namunalar, «Amir Tea Samarqand» MCHJ tomonidan tayyorlanayotgan choy navlari, shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda tayyorlangan xalqaro tematik fotokoʻrgazma namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер