Samarqandda ichki turizm yarmarkasi boʻlib oʻtdi

18:15 21 Avgust 2024 Jamiyat
162 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi Hunarmandlar markazida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasida ichki turizm yarmarkasi tashkil etildi.

Ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur yarmarkada respublikamiz va viloyatning 100 dan ortiq yetakchi turistik kompaniyalari hamda joylashtirish vositalari vakillari, shuningdek, turizm va xizmat koʻrsatish sohasidagi boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda 1000ga yaqin kuzatuvchilar ishtirok etishdi.

Qatnashchilar ichki turizm boʻyicha imkoniyatlarini namoyish etib, turizm sohasida hamkorlik oʻrnatish va yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

Koʻrgazmada sayyohlik firmalarining yangidan ishga tushirilgan startap loyihalari ham namoyish etildi. Jumladan, sayyohlarga mehmon uylarida ovqatlanish xizmatlarini taklif etish loyihasi Samarqandda ilk bor ishga tushirildi.

— 2021-yilda yurtimizga kelayotgan sayyohlarga qulaylik yaratish va ularga ovqatlanish xizmatini taklif etish maqsadida “Chayxana” loyihasini ishlab chiqqan edik, — deydi “Samarqand biznes loyihalashtirish” MCHJ ish boshqaruvchisi Abduqodir Oʻrinboyev. — Olti oy oldin loyihani soddalashtirish maqsadida sayyohlarga unikal ovqatlanish xizmatini taklif etuvchi onlayn platforma “EATEN.UZ”ga oʻzgartirdik. Bu xizmat Samarqandda ilk bor ishga tushirildi. Dastlab 30 ga yaqin sayyoh oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazganimizda 25 nafari bu platformadan foydalanish qulay ekanini maʼlum qildi. Bundan tashqari, sayyohlarning aksariyati ularni kafe yoki restoranlar emas, balki mehmon uylari qiziqtirishini bildirdi. Shularni hisobga olib, platformaga mehmon uylari, ularda tayyorlanadigan taomlar, sharoitlar haqida maʼlumot joylashtirdik.

Ushbu sayt mehmon uylari egalari uchun ham oson daromad topish uchun qulaylik yaratadi. Hozircha platformaga faqat Samarqand shahri va Urgut tumanidagi mashhur mehmon uylari haqida maʼlumot kiritilgan. Endi respublikamizdagi mehmon uylari haqida ham maʼlumotlarni joylashtirishni rejalashtiryapmiz. Yurtimizga kelgan har bir sayyoh bu xizmatdan foydalanish uchun 15 dollardan 50 dollargacha sarflaydi.

Yarmarka doirasida samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar koʻrgazmasi ham namoyish etilib, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер