Samarqandda elektrobuslar xizmat koʻrsatishni boshladi

12:21 03 Iyun 2023 Jamiyat
789 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahriga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shahar” loyihasi doirasida Xitoyda ishlab chiqarilgan 75 yoʻlovchi sigʻimiga ega boʻlgan 100 ta elektrobuslar olib kelinishi belgilangan edi. Shu kunlarda dastlabki 6 ta elektroavtobuslar shahar yoʻnalishlarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshladi.

Yoʻlovchilarning eʼtirof etishicha, elektrobus shinam, qulay va atrof-muhitga mutlaqo zararsiz boʻlib, “Aeroport-Temiryoʻl vokzali” manzillari boʻylab harakatlanmoqda. Elektrobusning tashqi va ichki dizayni ham juda koʻrkam.Unda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham maxsus oʻrindiqlar alohida rang va belgilar bilan ajratib qoʻyilgani eʼtiborga loyiq. Ichki salon videokuzatuv kamerasi, avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.

— Bugungi kunda elektrobuslarga vaqtinchalik avtosaroy tashkil qilingan, — deydi Samarqand viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Akobir Ashurov. — Quvvatlantirish uskunalari yordamida elektorobuslar 4 soatda belgilangan quvvatni oladi va kun davomida 300-350 kilometr masofada harakatlanadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, keyingi yillarda yurtimizda tabiat, atrof-muhitni zararli moddalar taʼsiridan asrash maqsadida “yashil energetika”ga oʻtish eng maqbul yechimlardan biri sifatida belgilangan.

— Har kuni jamoat transportidan foydalanaman, — deydi Samandar Qoʻshoqov. — Xalqimizga bu kabi zamonaviy elektorobuslar xizmat koʻrsata boshlaganidan behad mamnunman.

Samarqand — turizm shahri. Xorijdan keladigan sayyohu mehmon borki, shahardagi oʻzgarishlar, koʻrkam koʻrinishlar, muqaddas qadamjolarni eʼtirof etish bilan birga, endilikda jamoat transportidagi bunday qulayliklardan ham mamnun boʻlishi shubhasiz.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?