Samarqand viloyati prokuraturasida “Ochiq eshiklar kuni”

17:47 31 Yanvar 2025 Jamiyat
111 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyati prokuraturasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Samarqand davlat universiteti talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

Tadbirda avvalida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat prokuraturasi organlari faoliyati hamda 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini taʼminlash borasida koʻrilgan choralar, shuningdek, davlat organlari huquqiy hujjatlarining doimiy ravishda oʻrganilishi natijasida 20 mingga yaqin prokuror nazorat hujjatlari qoʻllanilib, 15 ming 800 nafar fuqarolarning huquqlari tiklangan.

— Oʻtkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 492 milliard soʻmlik zararlar undirilib, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1186 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi, — deydi viloyat prokuraturasi boʻlim boshligʻi Muharram Hamrayeva. — Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtgan yilda tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruhi shakllantirilib, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 524 065 ta ijro hujjatlari amalda tamomlanib, 2 trillion 903 milliard soʻm undirilishi taʼminlandi. Shuningdek, prokurorlar sektorlari hududida 1096 marotaba sayyor qabullar oʻtkazilib, ularda bildirilgan 6 660 ta murojaatlarning 5 182 tasi qanoatlantirildi.

Tadbir davomida attestatsiyadan ijobiy oʻtgan 3 nafar yosh mutaxassislarning qasamyod qabul qilish va ularga darajali unvonlarni topshirish jarayoni barchaga, ayniqsa, talabalarga manzur boʻldi.

Shundan soʻng viloyat prokuraturasi kichik majlislar zalida rahbar va yoshlar uchrashuvi oʻtkazildi. Talabalar prokurorlarning ish tartibi, ijtimoiy himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, tizimda tajriba oshirish, sohaga ishga kirish tartibi xususida maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Uchrashuv talaba yoshlarda boy taassurotlar qoldirdi.

Ishtirokchilar viloyat prokuraturasi muzeyi, kutubxonasi, maʼnaviyat burchaklari, maxsus kriminalistika avtomashinasi, maxsus tergov xonasi, xodimlarning xizmat faoliyati, devonxona faoliyati, prokuratura organlarida tashkil etilgan shtablar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir davomida qonunchilikni targʻib qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda prokuratura organlari faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida samarali hamkorlik qilgan bir qator jurnalist va blogerlarga viloyat prokurorining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bundan tashqari, Samarqand davlat universitetiga qatagʻon yillari nohaq sudlangan, oʻlim jazosiga mahkum etilgan prokuratura organlari xodimlari hayot yoʻli va xizmat faoliga bagʻishlangan “Tarixiy xotira beqiyos” kitobining 1 va 2-jildlar topshirildi.

Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad jurnalist va blogerlar bilan yaqin hamkorlikni taʼminlash, shuningdek, viloyat prokuraturasi va Samarqand davlat universiteti oʻrtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida talabalarining nazariy bilimlari amaliyot bilan bevosita uygʻunligini taʼminlashdan iboratdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер