Roʻzgʻorini obod qilaman, degan odamga bahona yoʻq

16:23 24 Yanvar 2025 Jamiyat
188 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Qishloq joylarda “falonchi hovlisida chorva boqayotgan ekan”, deyishsa xiyla kulgili holatday tuyuladi. Chunki mol-hol asramaydigan xonadon deyarli uchramaydi. Baʼzilar “oqlik oʻzimizdan chiqsin”, deb sigir, ayrimlar bozordan goʻsht sotib olmaslik uchun qoʻy-echki koʻpaytiradi.

Shoʻrchi tumanidagi Yakkabogʻ mahallasida yashovchi Avaz Hakimov uy xoʻjaligida chorvani shunchaki odatiy hol yoki ishqibozlik uchun emas, balki daromad manbai sifatida boqishni yoʻlga qoʻygan.

Haqiqatan ham, chorvachilik — serdaromad soha. Qishloq xoʻjaligining ushbu tarmogʻini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibordan foydalanib, yakka tartibda chorvachilik bilan shugʻullanayotgan tadbirkor oilalar el dasturxonini sifatli goʻsht, sut mahsulotlari bilan taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

— Hayotimizda chorvachilik muhim oʻrin tutadi, — deydi A. Hakimov. — Agar tadbirkorlik istagida boʻlgan kishiga mablagʻ yetishmasa yoki chorvadan goʻsht, sut-qatiq olishni yoʻlga qoʻyish uchun yetarli mablagʻi boʻlmasa, bankdan kredit olish mumkin. Buning uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar bor. Masalan, men 2021-yilda tijorat bankining 33 million soʻm imtiyozli krediti bilan chorvachilikni boshladim. Dastlab goʻshtga boqish uchun toʻrt bosh novvos sotib oldim. Ularni bir oyda almashtirib turdim, yaʼni tijorat tilida aytganda, har “aylantir”ganimda yaxshigina foyda tashlab turdi. Shu tariqa kreditni oʻz vaqtida toʻladim. Prezidentimizning 2024-yil 2-apreldagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori faoliyatimni kengaytirishga qoʻl keldi. Shu yili 50 million imtiyozli kredit olib, uy xoʻjaligimdagi qoramollar sonini 20 boshga yetkazdim. Chorva mollarini boqayotgan maxsus xonalarimiz ham kengaydi.

Avaz aka uy xoʻjaligida goʻshtga moʻljallangan qoʻylarni ham parvarishlab kelmoqda. Semirtirishga qoʻyilgan qoʻylar 45 kunda tayyor boʻlar ekan. Foydasi haqida soʻraganimizda qiziq bir matematik hisob-kitob qilib berdiki, beixtiyor mening koʻnglimda ham qoʻychilik bilan shugʻullanish istagi paydo boʻldi:

— Keling, bir xonadon uchun 10 bosh qoʻy yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini hisoblab chiqamiz. Deylik, 1 bosh qoʻy sotib olish xarajati 2 million soʻm boʻlsa, 10 bosh qoʻy uchun bu 20 million soʻm boʻladi. Bunga 45 kun davomida yetishtirish uchun ozuqa-yem xarajati qoʻshiladi. Agar 1 kilogramm yem 2 ming 500 soʻm tursa, 45 kunga (kuniga 16,5 kilogrammdan koʻproq) 750 kilogramm yem ketadi. Demak, 2 ming 500 soʻmni 750 kilogrammga koʻpaytirsak, ­1 million 875 ming soʻm kelib chiqadi. Shunday qilib, jami xarajatlar 21 million 875 ming soʻmni tashkil etadi. Ana shu muddat ichida ketadigan boshqa xarajat (kimyoviy dori va h.)larga oʻzingizdan 200 ming soʻm ketadi, deylik.

Ana shu 45 kun muddat ichida tushadigan yalpi tushumni hisoblab koʻramiz. 1 bosh qoʻy 45 kun ichida kamida 35 kilogramm goʻsht beradi, deylik. Bu 10 bosh qoʻy 350 kilogramm goʻsht beradi, degani. Agar 1 kilogramm qoʻy goʻshtini oʻrtacha 95 ming soʻmdan hisoblasak, 350 kilogramm goʻsht 33 million 250 ming soʻm boʻladi. Endi ana shu mablagʻdan jami qilingan xarajatni ayiramiz (33,250 – 21,875) va bundan sof foyda 11 million 375 ming soʻm kelib chiqadi.

Avaz akaning hisob-kitobi boʻyicha bugungi kundagi shart-sharoit bilan taqqoslaydigan boʻlsak, bu tadbirkorlikka kredit mablagʻi 3 (6 oylik imtiyozli davr bilan) yilga beriladi. Foiz toʻlovi esa ayni damda 17,5 foizni tashkil etadi. Yuqorida keltirilgan oddiy hisob-kitobdan koʻrinib turibdiki, olingan kredit mablagʻini anchagina qisqa davr ichida qoplash mumkin boʻladi.

Xullas, bugungi kunda roʻzgʻorini obod qilaman, degan odam uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada hech bir bahonaga oʻrin qoldirilmayapti. Faqat hafsala, harakat va intilish boʻlsa, bas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер