“Reklama toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi qay darajada taʼminlanmoqda?

18:42 24 Noyabr 2023 Jamiyat
98 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda televideniyedagi reklamaga oid normalar ijrosi, mazkur sohadagi reklama faoliyat subyektlari tomonidan reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi holati, reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan qonun buzilishlarini oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, televideniyedagi reklama boshqa dasturlardan oʻzining boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qoʻyilishi holati yuzasidan joriy yilning oʻtgan davrida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 15 ta holatda reklama bloklari teleboshlovchilarning sharhlarisiz joylashtirilgani kuzatilgan.

Shuningdek, telekoʻrsatuvlar (konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar) namoyishi davomida (oraligʻida) bir nechta reklama bloklarini joylashtirilishi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida esa 8 ta telekanaldan reklama uchun ajratilgan efir vaqtining kunlik hajmiga 15 foiz nisbatan qoʻyilgan talablarga rioya qilinmagan.

Muhokamalar davomida deputatlar bugungi kunda teledasturlarning reklama qismlari (bloklari) tovushining teledasturlarga nisbatan meʼyordan balandroq berilishi holatlari kuzatilayotgani va bu teletomoshabinlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotganini qayd etdilar.

Ularning aytishicha, reklama qonunchiligida reklamani tovushiga nisbatan qatʼiy meʼyorlar belgilangan boʻlsada, ayrim telekanallar tomonidan reklama bloklarida joylashtirilgan reklamaning tovushi teledastur va telekoʻrsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib berilmoqda.

Qoʻmita aʼzolari ayrim telekanallar (“ZOʻR TV”, “Mening Yurtim”, “FTV”) tomonidan joylashtirilgan reklamani tovushi boshqa teledasturlarga nisbatan oshib ketgani kuzatilganini aytib, bu borada qanday choralar koʻrilmoqda, deya mutasaddilarga murojaat qildi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi masʼullari ushbu savolga javob berar ekan, reklamani tovushiga nisbatan belgilangan meʼyorlar (cheklovlar)ga rioya etmagan telekanallarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilganini bildirdi.

Yigʻilishda reklama qilinishi taqiqlangan yoki alohida tartibi mavjud reklama axboroti haqida ham soʻz yuritildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.

Dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) va boshqa (ozdiruvchi, semirtiruvchi) preparatlarga oid tovarlar reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 809 ta, xalq tabobati tovarlari reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 29 ta, energetik ichimliklarning reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 133 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan ogohlantirishlar berilgan.

Reklama qonunchiligi buzganligiga qaramasdan vakolatli davlat organi oʻz vakolatlaridan toʻliq foydalanmagan hamda aniqlangan qonun buzilish holatlari boʻyicha rasmiy ogohlantirishlar berish bilan cheklangan. Buning natijasida qonun buzilishi holatlari takrorlanmoqda.

Teatr-konsert tadbirlari reklamasini isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, shu jumladan, teatr-konsert tadbirlarida fonogrammadan foydalanilganda ushbu tadbir reklamasida bu haqda maʼlumot taqdim etilishi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 6 ta kamchiliklar hal etilgan.

Qizgʻin savol-javoblar davomida deputatlar tomonidan televideniye orqali tarqatilayotgan reklamaning davomiyligiga qoʻyilgan talabga rioya etilishi, reklama faoliyat subyektlari tomonidan televideniyeda reklamani tarqatishning taqiqlangan usullaridan foydalanish, televideniye orqali tarqatilayotgan reklamada voyaga yetmaganlar huquqlarini taʼminlash talablariga rioya etilishi holati yuzasidan qator savollar berildi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi masʼullari koʻtarilgan har bir savol boʻyicha asoslantirilgan javoblar berdilar.

Yigʻilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?