Quvada noyob sitrus meva – kivi yetishtirilmoqda

13:03 27 Avgust 2024 Jamiyat
140 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumani mirishkorlari bogʻdorchilik, koʻchatchilik va gulchilik sohasida nafaqat mamlakatimiz, balki MDH davlatlari, Yevropada ham mashhur.

Ayni paytda tumandagi 65 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 46,2 mingdan ziyod xonadon boʻlib, aholi tasarrufida 2,9 ming gektar tomorqa mavjud. Hozirda 30 ta MFY koʻchatchilik va gulchilikka ixtisoslashgan. Quvalik mirishkorlar har yili oʻrtacha 75 million donadan koʻproq mevali va manzarali daraxt, gul koʻchatlarini yetishtirib, ichki bozor ehtiyojidan ortganini xorijga eksport qilmoqda.

Yer bilan tillashish va dillashish hadisini olgan tuman ahli bu borada hamisha yangilikka intilib, koʻchatchilik, gulchilik, bogʻdorchilikda yangi-yangi tashabbuslarni amaliyotga joriy etib kelayotir. Xususan, “Yangi chek” mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Esonali Hoshimov xonadoni tomorqasida keyingi yillarda noyob sitrus meva – kivi yetishtirish orqali yaxshi daromad olinmoqda.

— Bobom bilan birga besh-olti yil oldin tajriba tariqasida qoʻshni Andijon viloyatidan kivi koʻchatlari olib kelib ekkan edik, — deydi bogʻbonning nabirasi Asadbek Furunzayev. — Dastlab kivi yetishtirish agrotexnikasini oʻrganish, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish oson boʻlmadi. Hayotiy tajribalar asosida bu borada ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalarini oʻrganib, endilikda nafaqat kivi yetishtirish, uning koʻchatlarini koʻpaytirib sotishda ham quvonarli yutuqlarga erishilyapti.

Xonadon sohiblarining qayd etishicha, kivi boshqa sitrus mevalariga qaraganda sovuqqa chidamli, shu bois uni issiqxonada emas, bemalol ochiq havoda parvarishlash mumkin. Hosili kech kuzda pishadi va bir tupdan 30 kilogrammgacha meva yigʻib olinadi. Aslida fanda bir tup kividan 100 kilogrammgacha hosil olish mumkinligi isbotlangan. Mirishkor tomorqachilar oilasi yaqin kelajakda ana shunday yuqori hosil olish harakatida ilmiy hamda amaliy tajribalar olib borayotgani tahsinga loyiq.

Eʼtiborlisi, kiviga hech qanday kimyoviy oʻgʻit shart emas. Shu sababli u ekologik jihatdan toza, qishda sifatli saqlash, uzoq masofaga tashishga qulay. Xonadon egalari kivi urugʻidan koʻchat yetishtirib, payvandtak usulida koʻpaytirish orqali intensiv usulda ikki yilda hosil olish boʻyicha yaxshi natijaga erishyapti. Qolaversa, Quva kivisi asl vatanidagiga qaraganda mazali, shirin va suvli boʻlgani uchun uning koʻchatlari tobora xaridorgir boʻlib bormoqda. Bugungi kunda mirishkor tomorqachilar mamlakatimiz viloyatlaridan tashqari, qoʻshni respublikalarga ham kivi koʻchatlari sotadi.

Quva tumanida keyingi yillarda limondan tashqari, apelsin, mandarin, banan kabi sitrus mevalarni mahalliylashtirish boʻyicha izlanishlar davom etmoqda. Endilikda tumanda noyob sitrus meva hisoblanuvchi kivini yetishtirish ham keng ommalashsa, ajab emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?