Qoʻshtepa tajribasi: Katta Fargʻona kanali boʻylab tokzorlar barpo etilmoqda

10:43 18 Noyabr 2025 Jamiyat
175 0

Qoʻshtepa tumanida dala chetlari, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi boʻsh yerlardan samarali foydalanish boʻyicha oʻziga xos tajriba shakllanmoqda. Ayniqsa, bu borada davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

— Dala chetlari va kanal atroflaridagi har bir qarich yer — bekor yotgan resurs emas, fermer uchun qoʻshimcha daromad, aholi uchun esa koʻproq hosil manbaidir, — dedi tumanda ushbu mavzuda oʻtkazilgan Respublika amaliy seminarida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Qoʻshtepada shakllangan tajriba barcha hududlar uchun ibrat va namuna boʻlishi kerak.

Seminar ishtirokchilari Qoʻshtepa tumanidagi Katta Fargʻona kanali muhofaza maydonining ilgari foydalanilmay kelgan 15 kilometr qismi oʻzlashtirilib, “voish usuli”da barpo etilgan yangi uzumzor bilan tanishdilar. Shuningdek, qator oralariga ekilib, tez samara berayotgan “toʻqsonbosti” ekinlari ham koʻrsatib oʻtildi.

Qayd etilganidek, bunday tajriba yerdan foydalanish madaniyatini oʻzgartirmoqda, qarovsiz yerlar esa yuksak daromadli hosil manbaiga aylanmoqda.

Tadbir doirasida soha olimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini zamonaviy va integratsiyalashgan usulda parvarish qilish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish, hudud iqlim sharoitiga mos urugʻ va koʻchatlarni tanlash hamda serdaromad ekin turlarini joriy etish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.

Aytish joizki, qisqa fursat ichida Fargʻona viloyatida ushbu ezgu tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida fermer xoʻjaliklariga qarashli, oldin qarovsiz yotgan 29,8 ming gektar dala chetlariga 26 milliondan ortiq mevali koʻchat, 10 ming gektar kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofiga esa 8 milliondan ziyod koʻchatlar oʻtqazildi.

Bundan tashqari, “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasi orqali yer oʻzlashtirishdan tortib, mahsulotni eksportga chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlarga oid maʼlumotlar aholiga oʻz vaqtida va toʻliq yetkazib berilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?