Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Yurtimiz yoshlari ilm-fanda, badiiy ijodda ham ulkan natijalarga erishmoqda. Ular orasida yosh iqtidorli ijodkor Qobiljon Shermatovning yutugʻi alohida eʼtiborga loyiq. Uning “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” nomli kitobi jahon miqyosida tan olindi va Xalqaro bolalar adabiyoti kengashi (IBBY)ning 2026-yil uchun faxriy roʻyxati (Honour List)ga kiritildi. Roʻyxatga dunyo boʻylab 70 ta eng yaxshi bolalar asarlari kiritilgan boʻlib, Qobiljon Shermatov asari Markaziy Osiyo tarixida bu maqomga erishgan ilk badiiy asar boʻldi.
Voqea yosh isteʼdodning shaxsiy yutugʻi boʻlibgina qolmay, mamlakatimiz bolalar adabiyoti uchun katta gʻalaba sanaladi. Chunki Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga faqat adabiy, tarbiyaviy va badiiy jihatdan yuksak darajadagi asarlar kiritiladi. Ushbu toʻplam orqali turli xalqlarning bolalar adabiyoti, dunyoqarashi va madaniyati dunyo hamjamiyatiga tanitiladi.
Fargʻonalik havaskor ijodkor “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” asarida hayotga oʻziga xos yumor va fantaziya bilan qaragan boʻlib, bolalar ongida mehr, ezgulik va oilaviy qadriyatlarga muhabbat uygʻotuvchi ezgu gʻoyalarni ilgari surgan. Unda bolalarga xos qiziqish, orzu va tasavvur dunyosi jonli tasvirlangan. Mana shu jihatlar asarni mahalliy, qolaversa xalqaro miqyosda ham ahamiyatini oshirgan.
Yosh ijodkorning yutugʻi mamlakatimizdagi yosh qalamkashlar uchun ham katta ilhom manbaidir. Zamonamizda milliy adabiyotimiz va madaniyatimizni jahon sahnasiga olib chiqishda shunday yosh avlod vakillarining hissasi beqiyos.
Qobiljon Shermatov bugungi kunda Bolalar kontentini rivojlantirish markazida loyihalar bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning ijodiy faoliyati va mehnatidan koʻrish mumkinki, yurtimiz yoshlari isteʼdodi, mehnati va izlanishi bilan dunyo adabiy maydonida ham munosib oʻrin egallaydi, albatta.
IBBYning diplomlari anʼanaviy ravishda tashkilotning Butunjahon kongressida topshiriladi. Demak, yaqin vaqtlarda Fargʻona va butun Oʻzbekiston nomi yana bir bor jahon adabiy sahnasida yangraydi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring