Senatda “Bizning huquqimiz, bizning ovozimiz” mavzusida butun respublika boʻylab yoshlar ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi

10:59 21 Noyabr 2025 Siyosat
96 0

Oliy Majlis Senati binosida 20-noyabr – Butunjahon bola huquqlari kuni munosabati bilan “Bizning huquqimiz, bizning ovozimiz” mavzusida butun respublika boʻylab yoshlar ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Bolalar ombudsmani, Oʻzbekistondagi YUNISEF vakolatxonasi rahbari, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri, Yoshlar ishlari agentligi direktori, 200 nafar ekologiya faollari hamda 400 nafardan ortiq yoshlar onlayn tarzda ishtirok etdi.

Mazkur muloqot bolalar huquqlari, ularning ijtimoiy, taʼlim va ekologik masalalarda ishtirokini ragʻbatlantirishga bagʻishlandi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva muloqotning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi. Oʻz nutqida bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimi, ijtimoiy himoya va maxsus ehtiyojli bolalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi yutuqlar haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning bolalar va yoshlar uchun barqaror va sogʻlom muhit yaratish, ekologik ong va javobgarlikni shakllantirish yoʻlida qilayotgan saʼy-harakatlarini taʼkidladi. Jumladan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi orqali “Oʻzbekiston eko maktablari” loyihasi doirasida 258 ta maktab va 492 ta maktab oʻquvchisi faol ishtirok etayotgani qayd etildi.

Bolalarning ekologik bilim va huquqlarini mustahkamlash boʻyicha milliy platformalar yaratilib, yoshlar orasida iqlim oʻzgarishi va yashil texnologiyalar boʻyicha bilim va tadbirlar rivojlantirilayotgani eʼtirof etildi.

Tadbir davomida bolalarga oʻz tashabbus va loyihalarini ishlab chiqish, ekologik huquqlarni himoya qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha innovatsion yechimlarni taklif etish va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish imkoniyatlari taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?