Qoraqalpoq qovunlarining mazasi ogʻzingizda qoladi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Beruniy tumani bir paytlar “Kat”, “Shabboz” nomlari bilan atalgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Kat qalʼasi IX-X asrlarda sharqning gullab-yashnagan goʻzal va boy shaharlaridan biri boʻlgan. U yerda yetishtirilgan qovunlarning mazasi dunyoning hech bir mamlakatida uchramasligi eʼtirof etilgan. Usti qor va muzlar bilan qoplangan Shabboz qovunlari maxsus qoʻrgʻoshin idishlarda xorijiy yurtlarga joʻnatilgan. 1333-yilda Xorazmga kelib ketgan Ibn Battutta oʻz asarida Xorazm qovunlariga maxsus bob ajratadi. Ibn Battutta Hindistonga borganida Xorazm qovunlariga qoyil qolganligini aytadi. Oradan biroz vaqt oʻtgach, Hindiston hokimi sayyohga Xorazmdan keltirilgan qovun qoqini taqdim etadi.
“Ming eshitgandan bir koʻrgan afzal” deganlaridek, qoraqalpoqning qovunlarini bir yeb koʻrgan kishi yana qaytib kelishi aniq. Samarqandning noni shirin boʻlsa, qoraqalpoqning qovuni mazali. Shukrki, keyingi yillarda Qoraqalpogʻistonda qovun yetishtirish qayta jonlandi. Beruniy tumani “Shimom” mahalla yettiligi va nuroniylari hududda imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini boshlagan oilalarning sharoitini oʻrganmoqda.
— Aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsadida mahallamiz yettiligi har bir xonadonga kirib bormoqda. Muhtoj oilalarga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ajratib bermoqda, — deydi nuroniy Nuriddin Xoʻjamuratov. — “Shimom” mahallasidagi 50 ta oila xonadonlarining tom qismi shiferlab berildi. 35 ta yosh oilaga 30 sotixdan yer ajratildi. Shulardan biri mahallamiz fuqarosi Madiyar Botirov dehqonchilikdan yaxshi foydalanib, issiqxonasidan moʻl daromad topib kelmoqda.
— Oilaviy dasturlar doirasida 2024-yilda 36 nafar fuqarolarimizga 736 million soʻm imtiyozli kreditlar berildi, — deydi Navoiy ovul fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi Ruslan Yeshanov. — Mahallamiz aholisi azaldan tomorqasida sabzi yetishtirish bilan mashhur boʻlgan. Hozir 900 dan ortiq xonadonlarda sabzi yetishtirilmoqda. Ular oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarini nafaqat Qoraqalpogʻiston, balki Xorazm va Buxoro viloyatlari bozorlariga ham yetkazib bermoqda.
— Ishsiz fuqaro sifatida davlatimiz tomonidan yer berilib, dehqonchilik qilyapmiz. Daromadimiz dehqonchilikdan, — deydi beruniylik Aygul Ibragimova. — Ayni paytda yetti ming dona qovun-tarvuzlarni qishga saqlash uchun omborxonaga joylayapmiz. Ularni maxsus oʻsimlik poyasi yoki ip orqali bogʻlab bahorgacha saqlaymiz.
Mazkur tumanining Ibn Sino mahallasidagi Ruslan Ruzimov 15-yildan buyon yozda qovun ekib yetishtiradi. Kuz, qishda qovun osish yumushi bilan shugʻullanadi. Joriy mavsumda u 15 ming dona qovun osibdi. Qovunlar oʻrtacha 4 kilogrammdan chiqadi. 3 oycha saqlagandan soʻng kilogrammini 7 mingdan sotganida ham oʻrtacha 850-900 million soʻm sof daromad oladi. Ayni kunlarda yuzlab qishloq ayollari qovun osish yumushi bilan band. Ular ham mavsumiy ishlarda ishlab, roʻzgʻorini kamini toʻldirmoqda.
Qovun va tarvuzlarni qish va bahor mavsumiga saqlash uchun koʻrilayotgan tadoriklar bozorlarda bu mahsulotning narx-navosi barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qiladi. Beruniy qovunbozorlariga yoʻlingiz tushsa, beixtiyor sevimli shoirimiz Ibroyim Yusupovning shu satrlari xayolingizda aylanadi:
Shabboz qovunlari shirin
Totib koʻrsang qonar mehring.
Gar istasang bogʻ sayilin
Beruniyning bogʻlarida,
Kel, Beruniy bogʻlariga...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring