“Qodirovchi”lar Konstitutsiyamizning magʻzini chaqib koʻrsa, toʻgʻri boʻladi — XDP
Kechadan beri “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining 12-moddasi bilan bogʻliq taklif yetarlicha ovoz toʻplay olmagani, xususan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari qarshi ovoz bergani ijtimoiy tarmoqlarda ehtiroslarga berilgan holda muhokama etilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda Xalq demokratik partiyasiga nisbatan keskin munosabatlar kuzatilyapti.
Xabarlarga Xalq demokratik partiyasi munosabat bildirdi.
Partiyaga koʻra, bunday holat kelib chiqishiga 12-moddaga “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi muqobil sifatida taklif etgan meʼyor haqida toʻgʻri tushuncha va maʼlumot olmasdan, masalaga hissiyot bilan yondashilayotgani asosiy sabab boʻlmoqda.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi taklifi qabul qilinmaganiga sabab uning asoslanmaganligi hamda amaldagi qonunlarga zidligidir.
Aniqlashtiramiz, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasiga koʻra, murojaatlar ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda boʻlishi mumkin. Ushbu qonunning 6-moddasida murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkinligi belgilangan.
Hukumat kiritgan va masʼul qoʻmita taklif etgan tahrirga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi. Ushbu tahrirni Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari toʻliq qoʻllab-quvvatlashdi.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasining taklifida esa “jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar davlat tilida bayon qilinadi”, degan masala qoʻyilyapti.
Bu taklif qabul qilinsa, hayotda qanday muammolar kelib chiqishi mumkinligini oddiy holat misolida tasavvur va mushohada qilib koʻraylik.
Oʻzbekistonda azaldan shakllangan, boshqa millat vakillari yashaydigan shunday hududlar borki, kundalik hayotda davlat tilida muloqot qilinmaydi. Shunday hududlardan birida sogʻligʻi ogʻirlashgan inson tez yordam xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, oʻz tilida murojaat etsa, tibbiy xizmat xodimi uning tilini tushungani holda, murojaatini qabul qilmasligi va faqat davlat tilida javob berishi toʻgʻri boʻladimi?..
Tez yordam xizmatiga bemor kishining qoʻngʻiroq qilishi ham murojaat hisoblanadi. Demak, oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablar bilan davlat tilini bilmaydigan bemor tez yordamga qoʻngʻiroq qilish uchun avval yoniga tarjimon chaqirishi kerak boʻladimi?.. Bemor avvalo inson, fuqaro, uning ustuvor huquqlari davlat tilini bilmagani uchun cheklanishi toʻgʻrimi?..
Jamiyatdagi muayyan qatlamning kundalik hayotini murakkablashtirishga olib keladigan, millatlararo nifoqqa sabab boʻladigan meʼyor orqali “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasining oʻzini “millat qahramoni” sifatida koʻz-koʻz qilishga urinayotgan raisi nimaga erishmoqchiligini tushunish qiyin.
Oʻzini koʻrsatish uchungina ilgari surilgan meʼyorni deb bemor vaqtida tibbiy yordam berilmagani uchun hayotdan koʻz yumsa, bundan jamoatchilik xabar topsa, bir mahallada, jamiyatda millatlararo qanday vaziyat yuzaga kelishini tasavvur qilish qiyin emas.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi davlat tilining mavqeyini koʻtarishga xizmat qiladigan qonun loyihasiga emas, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasining yurtimizdagi boshqa millat vakillarini kamsitishga qaratilgan taklifiga qarshi ovoz bergan.
Janob Qodirov Oliy Majlisga kirishidan ancha avval Oʻzbekistonda qonunchilik boʻlgan, qancha deputatlar, olim va mutaxassislar til haqidagi meʼyorlarni qabul qilishda mushohada yuritgan. Yuqoridagi kabi holatlar haqida oʻylangani uchun ham “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunda “murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi”, degan mazmundagi meʼyor kiritilgan.
Qonun qabul qilingach, Oʻzbekistondagi hamma inson uchun majburiylik kuchiga kiradi. “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari insonning ustuvor huquqlarini yaxshi tushunmagan shekilli fraksiyasining taklifi qanday oqibatlarga olib ketishi mumkinligini oʻylamagan koʻrinadi.
“Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida har bir moddada davlat tili maqomini oshirish bilan bogʻliq muhim yangiliklar kiritilmoqda.
Taajjub uygʻotadigani “Milliy tiklanish” partiyasi raisi aynan 12-moddaga urgʻu berishga urinmoqda. Murojaatlarga qaysi tilda javob berilishi masalasi boshqa millat vakillari huquqlari, qadriyatlari bilan kesishadigan nuqta boʻlgani uchun odamlarning nozik hissiyotlari va eʼtiqodlariga tegish maqsadida shunday qilinayotgandek.
Qodirovchilar Konstitutsiyamizning 8-moddasidagi Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston fuqarolari tashkil etishi, 18-moddasidagi Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi haqidagi meʼyorlar bilan tanishib, magʻzini chaqib koʻrishi toʻgʻri boʻladi.
Janob Qodirovga asosiy eslatma shuki, Konstitutsiyamizning 57-moddasiga muvofiq, milliy adovatni targʻib qiluvchi, milliy va diniy ruhdagi partiyalarning tuzilishi ham, faoliyati ham taqiqlanadi.
“Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi emas, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlanib, parlament muhokamasiga kiritilgan. Mazkur loyiha qariyb bir yil davomida chuqur tahlil qilinib, takomillashtirilgan. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ham oʻz takliflari bilan jarayonda faol ishtirok etgan va yakunda qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlagan.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasining 12-modda boʻyicha bildirgan taklifi esa “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining ezgu mazmuniga, amaldagi qonunlarga zid, deb hisoblaymiz», deyiladi munosabatda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring