«Qishloq xoʻjaligi texnikalari va texnologiyalari — Agropro 2022» koʻrgazmasi sohadagi keng imkoniyat va salohiyatni namoyish etdi
Foto: Халқ сўзи
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida foydalanishga topshirilgan “SOF EXPO SAMARKAND” xalqaro koʻrgazmalar majmuasida 2-mart kuni «Qishloq xoʻjaligi texnikalari va texnologiyalari — Agropro 2022» koʻrgazmasi ochilgan edi. Ochiq va yopiq pavilyonlardan qishloq xoʻjaligi texnikalari, agregatlari va qoʻshimcha qismlari, intensiv sugʻorish tizimi va issiqxonalar uchun foydalaniladigan qurilma va materiallar, mineral oʻgʻitlar, vitaminlar, mevali va manzarali daraxtlar hamda uzum koʻchatlari, veterinariya preparatlari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shugʻullanib kelayotgan fermer xoʻjaliklari mahsulotlari joy olgan ushbu koʻrgazma 4-martda oʻz ishini yakunladi.
— Koʻrgazmada yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi, — deydi Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Nozir Ibragimov. — Ilgʻor texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, suv, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi urugʻlar, oʻgʻitlar va agrar tarmoqdagi boshqa yangiliklar borasida 3 kun mobaynida har soatda turli taqdimotlar oʻtkazildi. Shuningdek, eksportyorlar, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatadigan oʻquv kurslari, bank va lizing tashkilotlari ham oʻz xizmatlarini taklif etdi.
— Qishloq xoʻjaligi sohasida ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishda bunday koʻrgazmalarning ahamiyati katta, — deydi Toshkent agrar universiteti Samarqand filiali direktori Shavkat Hasanov. — Bu koʻrgazmada koʻplab ilmiy jamoalar qatorida bizning olimlarimiz ham keyingi yillarda yaratilgan noanʼanaviy ekinlar, innovatsion ishlanmalar, kombinatsiyalangan seyalkalar, agroxizmatlar bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari tok zararkunandalariga qarshi kurashish, yana baliqlar uchun «Azora» nomli suv ustida oʻsadigan oʻsimlikdan foydalanish boʻyicha ikkita loyihamizni taqdim qildik.
Koʻrgazmaga tashrif buyurgan ishlab chiqaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar bu yerda yaratilgan keng imkoniyat hamda sharoitlardan foydalangan holda mahsulotlarini namoyish qildilar. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan eksportbop, import oʻrnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlarni koʻrgazmaga taklif etilgan viloyatdagi klasterlar va fermer xoʻjaliklari mutaxassislari, tomorqa egalari, mahallalardagi xokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
— Koʻp yildan buyon Oʻzbekiston bozorida suv tejovchi texnologiyalarimiz bilan qatnashamiz va 2018-yilda Samarqandda korxonamizni ochdik, — deydi “ACAR-MAC-SAN” Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasi direktori Vahid Ajar. — Turkiyada qanday zamonaviy texnologiya amaliyotga tatbiq qilinsa, Oʻzbekistonda ham joriy etyapmiz. Aslida yomgʻirlatib sugʻorish hosildorlikni oshiradi, tomchilatib sugʻorish esa nisbatan arzonroq. Mamlakatingizda tuproq xossalarini oʻrganib, fermer va klaster korxonalariga dukkakli oʻsimliklar uchun yomgʻirlatib, paxta yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini tavsiya etyapmiz. Biz shu yerning oʻzida mahsulotlar xaridi boʻyicha koʻplab kelishuvlarga erishib, ikki tomonlama shartnomalarni ham imzoladik.
Uch kun davom etgan “Qishloq xoʻjalik texnikalari va texnologiyalari – AGROPRO 2022” koʻrgazmasiga 3 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring