Qatagʻon qurbonlarini yod olmoq – insoniy burchimiz

13:27 30 Iyul 2024 Jamiyat
137 0

Biz boy maʼnaviy merosga, ildizi necha ming yillarga borib taqaladigan tarixga ega xalqmiz. Oʻtmish sahifalarini varaqlaganda koʻksimizni togʻ qadar koʻtaradigan, koʻzga nur, qalbga gʻurur baxsh etadigan kechmishlarga roʻbaroʻ kelamiz. Shu bilan birga, afsuski, milliy tariximizda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan mudhish davrlar uchragani ham ayni haqiqat.

Sovet tuzumi davrida el-yurt manfaati uchun oʻz bilimi va mehnatini ayamagan koʻplab kishilar nohaq qurbon qilindi. Ularga “xalq dushmani” tamgʻasi yopishtirildi. Bu insonlarning avlodlari va yaqinlari esa tahqirlandi, hayotlari barbod etildi.

Yaratganga shukurlar boʻlsinki, xalqimiz ozodligi yoʻlda jonini fido etgan, siyosiy qatagʻon qurbonlari boʻlgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini atroflicha oʻrganish va tadqiq etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha mamlakatimizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021 – 2024-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomlari oqlanganini alohida qayd etish lozim.

Taʼkidlash joizki, qatagʻon qurbonlarining nomlarini aniqlash hamda ularning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni oʻrganishda Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, muzey xodimlari tomonidan qatagʻonga uchragan 3000 nafarga yaqin buxorolikning roʻyxati shakllantirildi va “Xotira kitobi” tayyorlandi.

Shu bilan birga, alohida sohalar kesimida ham sovet davrida qatagʻonga uchragan ichki ishlar va prokuratura xodimlarning faoliyati, ularning ayanchli taqdirini oʻrganishga oid ilmiy izlanishlar olib borildi. Bunga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 31-avgustda “Shahidlar xotirasi” xiyobonida qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning pok nomini tiklash va tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish boʻyicha bergan topshiriqlari turtki boʻldi. Ishchi guruhining mehnati samarasi oʻlaroq, “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi yaratildi. Bu kitob Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi va mamlakatimiz arxivlaridan topib, oʻrganilgan 2 mingdan ortiq tarixiy hujjatlar asosida yaratildi.

Unda qonunchilik sohasida fidokorona xizmat qilgan, biroq totalitar tuzumning qatagʻon siyosatidan nohaq jabr koʻrgan xodimlar taqdiri oʻz aksini topgan. Misol uchun, 1920 — 1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Adliya noziri va respublika prokurori boʻlib ishlagan Abdurahim Yusufzoda, 1923 — 1924-yillarda Adliya noziri va ayni paytda Bosh prokurori vazifasini bajargan Azimjon Sharipov, 1922-yilda, yaʼni 24 yoshida Kogon shahar militsiya boʻlimi xodimi va keyinchalik boshligʻi sifatida faoliyatini davom ettirgan, Asaka shahar prokurori lavozimida ham ishlagan Ali Hamrabayev, 1922 — 1923-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Adliya nozirining oʻrinbosari va 1924-yilda Adliya noziri boʻlgan Aminjon Sharipov, 1929 —1930-yilning sentyabr oyiga qadar Buxoro okrug prokurori lavozimiga ishlagan Hakim Tuyakov, 1935 — 1937-yillarda Oʻzbekiston SSR prokurori yordamchisi hamda 1939 — 1946-yillarda prokuraturada turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Dilorom Yusupova kabilarning xotirasini ehtirom bilan yod etishimiz lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarorida 40 dan ortiq vazifalar belgilangan, ular qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Qarorga binoan har yili oktyabr oyining birinchi haftasini Oʻzbekistonda Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash belgilangani bejiz emas.

Bilamizki, 1938-yilning 4-oktyabri Oʻzbekiston tarixida eng mashʼum sana sifatida muhrlangan. Oʻsha kunda hech qanday huquqiy asossiz Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon Choʻlpon, Abdurauf Fitrat, Gʻozi Olim Yunusov, Otajon Hoshim, Ziyo Said, Xudoybergan Devon kabi koʻplab millat oydinlari shoshilinch qatl etilgan. Arxiv hujjatlarining shohidligicha, oradan bir kun oʻtib, 5-oktyabrda qatagʻon qilingan mahkumlar ustidan sud qarori chiqarilgan.

Albatta, bunday mudhish tarixiy voqealarni yosh avlod bilishi, Vatan va millat taraqqiyoti yoʻlida oʻz hayotini baxsh etgan ajdodlar xotirasiga ehtirom koʻrsatishi va bugungi farovonlikka mashaqqatli tarixiy sinovlar hamda katta yoʻqotishlar evaziga erishilganligini qadrlashi lozim. Zero, “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiorini bugun har birimiz oʻz qalbimizga chuqur singdirsak va bu yoʻlda butun kuch-salohiyatimizni safarbar etsak, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod ekanligimizni isbotlagan boʻlamiz.

Azalshoh HAMROYEV,

Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi

Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер