Qashqadaryoda baliqchilik qachon rivojlanadi?

15:06 03 Mart 2025 Jamiyat
120 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, baliq goʻshti barcha oziq-ovqat mahsulotlari ichida eng foydali hisoblanadi. Dunyoning koʻplab davlatlarida baliq mahsulotlariga nafaqat oziq-ovqat, balki shifobaxsh mahsulot sifatida ham qaraladi. Aholining yillik baliq isteʼmoli oʻrtacha 18-20 kilogrammni tashkil etadi. Masalan, oʻtgan yilda mamlakatimizda qariyb 191 ming tonnadan oshiq baliq yetishtirilgan. Bu kishi boshiga yiliga oʻrtacha 5 kilogramm atrofida baliq toʻgʻri keladi, deganidir.

Mamlakatimiz sharoitida kichik sunʼiy havzalarda baliq boqish tabiiy sharoitga qaraganda ancha foydali va samarali usul. Boisi, buning uchun koʻp yer, koʻp ishchi kuchi va katta mablagʻ talab etilmaydi. Kichik havzada baliqni yetarli ozuqa bilan taʼminlab, tez yetiltirish imkoni bor. Toʻrt yoki besh sotix yerda ham havza tashkil etib, tonnalab baliq yetishtirish mumkin. Bu usul juda samarali ekanini Chiroqchi tumanining Qahramon qishlogʻi tomorqachilari faoliyatida koʻrish mumkin. Qahramonliklar issiqxonada kichik hovuz barpo etib, yer ostidan olingan suvda baliq yetishtirish boʻyicha oʻziga xos maktab yaratgan. Bugungi kunda mahalladagi saksonga yaqin xonadon kichik havzalarda baliq yetishtirib, yaxshi daromad topmoqda. Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda bunday usulda baliq yetishtirayotgan oilalar soni ortib bormoqda.

“Talimarjon”, “Chimqoʻrgʻon”, “Pachkamar”, “Qalqama” suv omborlari, Sichankoʻl, Achinkoʻl koʻllari kabi oʻnlab yirik suv havzalarida baliqchilikni yanada rivojlantirish boʻyicha katta salohiyat mavjud. Ammo bu borada bir necha marotaba hukumat qarorlari, viloyat miqyosidagi dasturlar qabul qilingani, yangi loyihalar belgilab olingani bilan aytarlik natija sezilmayapti. Viloyatda baliq yetishtirish salmogʻi yildan yilga kamaysa kamayyaptiki, aslo oldinga siljiyotgani yoʻq. Masalan, 2020-yilda Qashqadaryoda 6447 tonnadan ortiq baliq yetishtirilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich atigi 4356,9 tonnani tashkil etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi qarori bilan mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, mavjud suv havzalari imkoniyatidan samarali foydalanishni tashkil etish borasida qator chora-tadbirlar belgilab berilgandi. Mazkur qarorda 2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari ham keltirilgan. Unga koʻra, Qashqadaryo viloyatida 40 000 tonna baliq yetishtirilishi lozim edi. Biroq toʻr suvdan koʻtarilgandagi raqamlar bundan toʻqqiz barobar kam. Afsuski, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan aniq bir tashkilot yoʻq. Xususan, mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, tabiiy va sunʼiy suv havzalaridan oqilona foydalanish va shunday ishlarni tashkil etishga masʼul idoralardan biri “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hisoblanadi. Tashkilotning quyi organlari sifatida hududlardagi “Baliqsanoat” MCHJlar koʻrsatilgan.

Shundan kelib chiqqan holda biz ham “Qashqadaryobaliqsanoat” MCHJning eshigini qoqdik. Biroq bir oydan ortiq urinishlarimiz davomida jamiyat rahbaridan savollarimizga javob olish imkoni boʻlmadi. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi masʼullarining izoh berishicha, “Qashqadaryobaliqsanoat” MCHJ toʻliq tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Uyushma tarkibida faqat koʻmaklashuvchi tashkilot maqomiga ega. Hududda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha zimmasiga hech qanday masʼuliyat olmagan. Aslida baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror koʻpaytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va yoʻnalishlariga kiradi. Nega bu tarmoqqa ega koʻpu masʼul yoʻq!

Oqibatda Qashqadaryoda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilgani, hukumat doirasidagi muhim dasturlar qabul qilinganiga qaramay, natija yildan yilga pasayib bormoqda. Vaholanki, vohada baliqchilikni rivojlantirish uchun koʻplab koʻllar tizimi va suv omborlari mavjud. Baliqchilik tarmogʻi rivojlansa, qanchalab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bu voha aholisining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlab, sohaning eksport salohiyatini oshiradi. Mazkur mavzu yuzasidan tegishli masʼullarning javobini kutamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер