Qarshidagi tartibsiz qurilishlarda qachon burilish boʻladi?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizning qaysi hududiga borsangiz, u yerda keng koʻlamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga guvoh boʻlasiz. Buni Qashqadaryo viloyati misolida olsak, soʻnggi yillarda vohada necha minglab ijtimoiy, iqtisodiy soha obyektlari, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish majmualari, yangi uy-joylar qad rostladi. Albatta, bularning barchasi hududlarning zamonaviy qiyofa kasb etishi bilan bir qatorda, oilalarning turmush farovonligiga xizmat qilmoqda.
Ammo yangi obyektlar qurilishida shaharsozlik meʼyorlariga rioya etmaslik, hududda yashovchi kishilarning fikri inobatga olinmasligi va shu kabi qator muammolar ham mavjudki, bu aholining noroziligiga sabab boʻlib, viloyatdagi bunyodkorlik ishlarining ijobiy qiyofasiga soya solayotgani ham bor gap.
Quyida Qarshi shahrida amalga oshirilayotgan ana shunday tartibsiz qurilishlar haqida toʻxtalamiz.
Ikki yilda hammasi oʻzgarib ketishi mumkin
Mahliyo Saidova 2020-yilda Qarshi shahrining Tabassum mahallasida joylashgan koʻp qavatli uylarning biridan xonadon xarid qilgan edi. Oʻsha vaqtda sotiladigan juda koʻp uylarni borib koʻrish asnosida aynan ushbu xonadonni tanlashining bir qator sabablari boʻlgan, albatta. Bu haqda uning oʻzi shunday deydi:
— Avvalo bu yer shaharning eng markaz joyi. Qolaversa, ushbu “dom”lar 1970-yillarda qurilgan boʻlsada, oʻsha paytda barcha qulayliklar inobatga olingan. Masalan, bizning “dom” bilan qoʻshni “dom” orasida yetarlicha boʻsh hudud qoldirilgan, shu bois havo aylanishi yaxshi, bolalar oʻynashi, avtomobillar qoʻyish uchun joylar bor edi. Oʻshanda bu uyning ana shu jihatlari menga manzur boʻlgandi.
Biroq oradan koʻp oʻtmay hammasi oʻzgarib ketdi. M.Saidova yashayotgan uy oldidagi bolalar maydonchasi va uning yonidagi boʻsh hududni kimdir oʻrab olib, qurilish ishlarini boshladi. Aholi esa bu qurilishdan norozi boʻlib, turli idoralarga murojaat qilishga tushdi. Masʼullar ularga bu yerda ikki qavatli “Mahalla guzari” qurilishi, uning atrofida avtomobillar qoʻyish joylari, yashil hududlar boʻlishi, bularning barchasi shu yerda yashovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotganini tushuntirishdi.
Ammo keyinchalik qurilayotgan obyekt ikki qavat emas, uch qavat boʻldi hamki, quruvchilar ishni toʻxtatishmadi. Aholi nima gapligini anglab yetguniga qadar bu yerda besh qavatli “dom” paydo boʻldi.

Oʻtgan yili xuddi shu mahalladagi 34-, 35- hamda 38-, 39-“dom”lar orasidagi bir parcha boʻsh hududda ham uchta yetti qavatli uy qurilgan. Natijada ushbu hududda yashovchilar “podyezd”dan chiqib, ikki qadam tashlashi bilan peshonasi boshqa bir “dom”ga uriladi. Aksariyat xonadonlarning derazasiga quyosh tushmay qoʻygan, havo aylanishi yomon, bolalar oʻynashi uchun ochiq joy yoʻq. Biror koʻngilsiz holat roʻy bergudek boʻlsa, favqulodda xizmat mashinalari kirib kela olmaydi. “Parkovka” masalasini esa gapirmasa ham boʻladi.
Keltirganimiz Qarshi shahrining birgina mahallasidagi ikkita holat. Aslida esa shaharda minglab xonadonlar xuddi shunday muammolar qurshovida qolishgan. Boisi soʻnggi uch yil ichida viloyat markazida oʻttizdan ortiq 5, 6, 7 qavatli, koʻp xonadonli uylar qurilib foydalanishga topshirilgan boʻlsa, ularning aksariyati bundan 60-70-yil avval maʼlum bir loyiha asosida bunyod etilgan koʻp qavatli uylar orasidagi bolalar maydonchalari, havo aylanishi yoki shu kabi qaysidir maqsadlarni koʻzlab qoldirilgan boʻsh hududlarda qad rostlagan.
Masʼullar nima deydi?
Ota-bobolarimiz bitta tom qursa ham reja bilan, shamolning aylanishidan tortib, quyoshning tushishiga qadar boʻlgan barcha jihatlarni inobatga olib qurishga odatlanishgan.
Bugun Qarshi shahridagi eski “dom”lar orasida yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarni koʻrgan kishi esa mutaxassis boʻlmasa-da, bir qarashdayoq bu ishlar shaharsozlik normalariga toʻgʻri kelmasligini tushunadi.
Xoʻsh, aslida-chi? Shundoq ham gavjumlashib borayotgan shahar markazidagi duch kelgan joyga “dom” qurib, uni yanada gavjumlashtirish qaysi mantiqqa toʻgʻri keladi? Qolaversa, ayni paytda eski “dom”lar orasidagi tor joylarda betartib qurilayotgan yangi inshootlar shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshish oʻrniga, eski kiyimga yamoq solgandek hududning umumiy manzarasiga ham putur yetkazmoqda. Buning oʻrniga ushbu binolar xuddi “Yangi Oʻzbekiston” massivlari kabi shahar chetidagi boʻsh hududlardan, alohida loyiha asosida bunyod etsa, bu har tomonlama foydali boʻlmaydimi?
Shu va shu kabi savollarga javob izlab Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjalik sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi masʼullari va bir qator soha mutaxassislari bilan suhbatlashdik. Mavjud holat boʻyicha ularning izohlari, fikrlarini tingladik. Anglaganimiz shu boʻldiki, qurilishga ruxsat beradigan tashkilotlar koʻpu, uning shaharsozlik normalariga muvofiq yoki nomuvofiqligi, bu yerda yashovchilarning fikri inobatga olingan yoki olinmaganligi va shu kabi jihatlarni qatʼiy nazorat qiladigan aniq bir idora yoʻq ekan.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjalik sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Jamoliddin Toshimovning tushuntirishicha, inspeksiya xodimlari faqat qurilishning loyihada belgilangan talablarga muvofiq yoki nomuvofiq qurilganligini oʻrganib, shu boʻyichagina oʻz xulosasini bera oladi.
— Agar tadbirkor qaysidir zarur tashkilotdan ruxsat olmasdan ish boshlagan yoki loyihaga keyinchalik oʻzboshimchalik bilan oʻzgartishlar kiritgan boʻlsa, biz holatga aralashamiz, — deydi u. — Barcha masʼul tashkilotlar vakillari loyihani maʼqullagan boʻlsa, uni inkor qila olmaymiz. Shunday qilsak, bu tadbirkorning ishiga toʻsqinlik qilish boʻlib qoladi.
Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining bosh rejalar ustidan nazorat qilish boʻlimi mutaxassisi Toʻychi Sodiqjonovdan ham Tabassum mahallasidagi yangi qurilishlar bilan bogʻliq muammolar haqida soʻradik. Suhbatimiz shu koʻrinishda kechdi.
— Ushbu uylar shu yerdagi eski “dom”larda yashovchi aholining noroziligiga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, birinchi, ikkinchi qavatlardagi xonadonlarga quyosh nuri umuman tushmay qolgan. Bolalar oʻynashi uchun joy yoʻq. “Parkovka” masalasi muammo. Shaharsozlikda yangi qurilishga ruxsat berishdan avval shu jihatlar inobatga olinishi kerak emasmi?
— Kerak.
— Unda nega bu yerda olinmagan?
— Siz aytayotgan “dom”larga ancha yil oldin ruxsat berib yuborilgan. Hozir u odamlar bu yerda ishlamaydi. Tadbirkorda oʻsha vaqtda olingan zarur hujjatlar bor, endi biz uning ishiga bevosita aralasha olmaymiz.
— Tadbirkorga koʻp qavatli uylar orasida yangi “dom” qurish uchun shu yerdagi aholining roziligini olish sharti qoʻyiladimi?
— Aslida qoʻyilishi kerak. Lekin meʼyoriy hujjatlarda “yonidagi yer uchastkalari egalarining roziligini olish” haqida aytilgan. Aynan “koʻp qavatli uylarda yashovchilarning” deyilmagan. Shu bois tadbirkor bu borada biz bilan bahslashgan holatlarda aniq bir asos topib bera olmay qolgan vaqtlarimiz ham boʻlgan.
Xulosa oʻrnida
Biz muammoni boricha keltirdik. Ertaga uning yanada ildiz otib ketmasligi, shaharning goʻzal, tartibli, orasta va eng muhimi, yashash uchun qulay boʻlmogʻi uchun hududning hech boʻlmaganda 20-30-yilga moʻljallangan bosh rejasi boʻlishi, har bir obyekt qurilishida unga qatʼiy amal qilinishi, buning nazorati esa huquq-tartibot organlarining asosiy vazifalaridan biriga aylanishi zarur. Ungacha esa, aynan Qarshi shahrida “barcha hujjatlari bor”, lekin tartibsiz qurilishlar davom etaveradi, nazarimizda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring