Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga
Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!
Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!
Muhtaram faxriylar!
Siz, azizlarni 25-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda, avvalo, Vatan oldidagi muqaddas qasamyodingizga doimo sodiq qolib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida oʻz zimmangizdagi gʻoyat muhim vazifalarni yuksak masʼuliyat bilan ado etib kelayotganingizni alohida taʼkidlashni istardim.
Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz natijasida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik muhitini ishonchli taʼminlash boʻyicha mustahkam zamin yaratildi.
2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” barcha darajadagi rahbarlar uchun eng ustuvor vazifa etib belgilandi. Shu maqsadda jinoyatlar sodir etilishi nuqtayi nazaridan vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalarga ichki ishlar organlari bilan birgalikda barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda huquq-tartibot tizimidagi oliygohlar biriktirilib, ularning joylardagi kundalik manzilli faoliyati va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan “yagona faoliyat zanjiri” yaratildi.
Ushbu toifadagi mahallalar kichik hududlarga birlashtirilib, ularda “tezkor yordam” funksiyasini bajaradigan huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi, migrantlar va yoshlar bilan ishlash boʻyicha alohida tashkiliy-profilaktik mexanizmlar shakllantirildi. Profilaktika, tezkor-qidiruv, patrul-post, yoʻl-patrul va qoʻriqlash xizmati inspektorlarining birgalikdagi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular “mahalla yettiligi” va aholi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy dasturlar hamda huquqiy-tartibotni mustahkamlash borasidagi tadbirlar natijasida yil davomida jami mahallalarning yarmidan koʻpida jinoyat sodir etilmadi, yoshlar, ayollar va ishsizlar oʻrtasida jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishildi.
Oʻz navbatida, sohada zamon talablariga mos ravishda samaradorlikka erishishga qaratilgan yangicha ishlash amaliyoti qaror topmoqda. Xususan, ichki ishlar organlarining raqamli infratuzilmasida transformatsiya jarayonlari boshlandi, jamoat xavfsizligini taʼminlash amaliyotiga sunʼiy intellekt imkoniyatlari keng tatbiq etilmoqda.
Qisqa muddatda vazirlik va idoralarning qirqqa yaqin maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan “Xavfsiz shahar” yagona platformasi yaratildi, 20 dan ortiq yangi axborot tizimlari ishga tushirildi, “Yagona migrant” axborot bazasi yordamida uzoq vaqt xorijda yurgan shaxslar bilan manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Dunyo miqyosida tobora kuchayib borayotgan kiberjinoyatlarning tahdid va taʼsiridan mamlakatimizni ishonchli himoya qilish, ayniqsa, aholimizning ulardan jabrlanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha kompleks mexanizmlar joriy etilmoqda. Tabiiyki, bu sohada zamonaviy professional kadrlarga boʻlgan talabni oshirmoqda.
Shu jihatdan 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida dual taʼlim jarayoni va innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilgani muhim qadam boʻldi.
Hurmatli soha xodimlari!
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish orqali xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan harakatlarimizni biz bundan buyon ham ustuvor darajada izchillik bilan davom ettiramiz. Bunda “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oila, taʼlim muassasasi, mahalla faollari va davlat idoralari oʻrtasida uzviy hamkorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor berish lozim.
Biz zamon talablarini hisobga olib, ichki ishlar organlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish jarayonini raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini keng joriy etgan holda tashkil etish, kiberfiribgarlik va kiberoʻgʻirliklarga chek qoʻyish boʻyicha ishlarni yangicha yondashuvlar asosida yanada faollashtiramiz.
Butun jahonda giyohvandlik balosi asosan voyaga yetmaganlar va yoshlarni oʻz domiga tortayotgani hammamizni ogohlikka undashi zarur. Ushbu illatdan milliy genofondimizni asrash maqsadida uyushgan narkojinoyatchilikka butunlay chek qoʻyish borasidagi harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishimiz, tezkor-profilaktik va tergov faoliyatini manzilli tashkil etishimiz kerak.
Ishonchim komil, ana shu ustuvor yoʻnalishlarda safarbarlikni kuchaytirib, birgalikda harakat qilib, ishimiz samarasini keskin oshirsak, xalqimizning chinakam roziligiga erishamiz.
Aziz doʻstlar!
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga Vatanimiz va xalqimiz tinchligi yoʻlidagi sadoqatli va fidokorona xizmatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ushbu shonli ayyomda el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat bilan yodga olib, ularning oilalari va farzandlariga ezgu tilaklarimizni yoʻllaymiz.
Hech shubhasiz, ichki ishlar organlari xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy ish sharoitlari, zarur texnik vositalar bilan taʼminlash, malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi.
Sizlarni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring