Qadr-qimmat va qobiliyat namoyoni
3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni
Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, qadr-qimmatini oshirish va qobiliyatini namoyon qilish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida ularning sogʻligini mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy hayotda toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, nogironlik, harakatchanlikning cheklangani yoki boshqa omillar asosidagi har qanday kamsitishlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha barcha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilayotgani ham diqqatga sazovor.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50 moddasida har kim taʼlim olish huquqiga egaligi, xususan, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanishi belgilab qoʻyilgani nogironligi boʻlgan shaxslar hayotini yaxshilashda muhim omil boʻlmoqda, desak, mubolagʻa emas. Ayniqsa, bu yoʻnalishda ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun ulkan sharoitlar yaratilayotganini ham urgʻulash darkor.
Qayd etish joizki, soʻngi yillarda bu borada qabul qilingan bir qancha qonun, farmon va qarorlar orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligini mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquq va manfaatlarini taʼminlash yanada kuchaytirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”, “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari hamda “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” va “Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorlarida nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishi, sport tadbirlarida ishtirok etishi, obyektlar va xizmatlarning qulayligini oshirish, ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashlarini ragʻbatlantirish kabi qator masalalar qatʼiy darajasida mustahkamlab qoʻyildi.
Yaratilayotgan yengillik va sharoitlar natijasida nogironligi boʻlgan shaxslarning sportga jalb etilishi sezilarli darajada oshmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi oʻtkazgan xatlov natijalariga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda 968 ming nafarga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar hayot kechirishmoqda. Ularning 65 ming 378 nafari sport bilan professional shugʻullana olishi mumkin va hozirda tashkil etilayotgan turli ommaviy sport tadbirlariga ularning 22 mingga yaqini jalb qilingan. Shuningdek, ulardan 7 mingga yaqini professional sport bilan muntazam shugʻullanmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida ular katta yutuq va zafarlarga erishayotgani quvonarlidir. Masalan, raqamlarga eʼtibor beraylik. Sportchilarimiz shu kungacha Paralimpiya oʻyinlari dasturidagi xalqaro musobaqalarda 224 ta, Maxsus olimpiya oʻyinlarida 194 ta, IBCA Jahon oʻyinlarida 92 ta, Surdlimpiya oʻyinlarida 14 ta, nogironligi boʻlgan shaxslar shugʻullanadigan boshqa sport turlaridan 164 ta medallarni qoʻlga kiritgan.
Bugun matonatli va irodali para sportchilarimiz — Asila Mirzayorova, Husniddin Norbekov, Sherzod Nomozov, Bobur Omonov, Nurxon Qurbonova, Guljanoy Naimova, Qudratullaxon Maʼrufxoʻjayev, Asadbek Toshtemirov, Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov, Tolibboy Yoʻldashev, Safiya Burxanova, Mohigul Hamdamova, Ziyodaxon Isoqova, Server Ibragimov, surdlimpiyachilarimiz — Sirojiddin Zayniddinov, Dilbar Tojiboyeva, Goʻzal Eshmirzayeva, Maftuna Abduyusupova, shuningdek, Oʻzbekiston qizlar gandbol terma jamoasi ham faxrimizga aylangan. Ular qayd etgan natijalar, rekordlar, qoʻlga kiritgan medallar shodasi nafaqat yurtimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga kengroq jalb etish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining joriy yil 8-dekabrda qabul qilgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ularni qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichi boʻldi deyishimiz mumkin.
Qarorga muvofiq, indi sport bilan shugʻullanishni istagan nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatiga koʻra “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shugʻullanish uchun yoʻllanma beriladi. Koʻz va tayanch-harakat aʼzolari kasalliklariga chalingan imkoniyati cheklangan shaxslarni sport inshootlariga borib-kelishiga yordam berish uchun hamrohlik xizmati tashkil etiladi. Sport inshootlariga tashrif buyurishda imkoniyati cheklangan odamlarga koʻngillilar, shuningdek, notijorat tashkilotlari aʼzolari hamroh boʻladi, koʻngillilar guruhlari “Inson” markazlarida tashkil etiladi.
Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari va “Muruvvat” internat uylarida 2025 − 2026-yillarda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sport inshootlarini qurish, taʼmirlash va jihozlash, shuningdek, sport toʻgaraklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
2025-yil 1-fevraldan boshlab paralimpiya sport turlari, karlar sporti, koʻrish qobiliyati buzilgan shaxslar sporti, maxsus olimpiada sport turlari, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar shugʻullanadigan boshqa sport turlari boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini, shuningdek adaptiv sport turlari boʻyicha guruhlar tashkil etilgan sport maktablarini tanlash imkoniyatiga ega boʻladilar.
Uch bosqichli “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasidagi musobaqalar dasturiga karlar, koʻzi ojizlar va maxsus olimpiya sport turlari kiritilib, mazkur tadbir doirasida oʻtkaziladigan ommaviy sport musobaqalarining gʻolib va sovrindorlari orasidan nogironligi boʻlgan iqtidorli shaxslar saralab olinib, ular professional sportga yoʻnaltiriladi.
Endilikda Paralimpiya oʻyinlari bilan bir qatorda Surdlimpiya, Maxsus olimpiya, IBCA Jahon oʻyinlari, Surdosiyo va Okeaniya oʻyinlari, Maxsus olimpiya Yevropa yozgi oʻyinlari, Amputantlar oʻrtasida futbol boʻyicha jahon chempionatida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan murabbiylar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantiriladi.
Bunday yuksak eʼtibor orqali olib borilayotgan islohotlar nogironligi boʻlgan shaxslarining huquqlarini tartibga solish, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa aʼzolari bilan tengma-teng ravishda ishtirok etish uchun imkoniyatlar yaratish insoniylikka uygʻun holda olib borilayotgani kun kelib yaxshi natija berishiga shubha yoʻq.
Zero, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha yengilliklarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, ularning xohish-irodasini roʻyobga chiqarish ustuvor vazifadir va bu yoʻl shonli kelajakka yoʻl ochajakdir.
Olimjon SHODIYEV,
Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini
qayta tayyorlash va malakasini oshirish
instituti direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring