Yurtimizda parvoz qilgan ilk samolyot
Bugungi hayotni samolyotlarsiz tasavvur etish qiyin. Olis manzillarni yaqin qilayotgan “havo kema”lariga ehtiyoj yil sayin oshib borayotgani ham sir emas. Toshkent, Buxoro shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurilayotgani, zamonaviy samolyotlar xarid qilinayotgani fikrimiz tasdigʻidir. Vaholanki, nari borsa yuz yil muqaddam osmonda samolyotlarning paydo boʻlishi odamlar uchun koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqeaga aylangandi.
Xoʻsh, yurtimiz osmonida “havo kema”larining ilk parvozi qachon roʻy bergan? Dastlabki maʼlumotlar XX asr boshidagi tarixiy manbalar sanalgan “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkestanskiy kuryer” nashrlarida, shuningdek, arxiv hujjatlarida uchraydi. Hujjatlardan birida 1909-1914-yillarda Angliya, Fransiya, Germaniya shaharlarida yuzlab sharlar 4-5 kishini havoda olib uchib yurgani qayd etilgan. Ularni boshqargan aeronavtlar keyinchalik samolyot shturvalida oʻtirishdi. Turkistonda bunday sharlar 1910-1913-yillarda paydo boʻldi. Ular vositasida oʻnlab kishilar yuqoridan turib shahar va qishloqlarni tomosha qilishgan. Demak, Turkistonda havo flotining tashkil etilishi va ilk samolyotlar kirib kelishi 1910-yillarga toʻgʻri keladi deb hisoblashga asoslar bor. Yangi Buxoro (Kogon)da bosilgan “Buxoroi sharif” gazetasining 1912-yil 4-apreldagi 21-soni xabarlardan biri: “Sedov samolyoti Toshkentda” deb nomlangan. Xabar mazmuni bilan tanishgan asnosida quyidagilar ayon boʻldi. 1912-yil 28-29-mart kunlari rus uchuvchi Sedov oʻz samolyotida ilk bor Toshkentda parvoz qiladi. Uning samolyotida 3-4 nafar xotin-qiz, yana 3 nafar erkak ham bor edi. Turli hududlardan Toshkentga tashrif buyurgan mehmonlar ham samolyotda uchib, yuqoridan shaharning koʻrinishini tomosha qilishgan.
Oʻzbekiston milliy Arxiv yigʻma jildlaridan birida Sedov samolyoti muvaffaqiyatli parvoz qilganligi, texnik jihatdan sozligi, sinovdan oʻtganligi, soatiga 100-120 km tezlikda uchish qayd etilgan. Biroq Sedov parvoz etgan samolyot qaysi mamlakatda ishlab chiqarilgani, qancha ot kuchiga egaligi, markasi (nomi) bilan bogʻliq maʼlumotlar arxiv hujjatida koʻrsatilmagan.
Samolyotlarni Oʻzbekiston, jumladan, Buxoroga keltirish voqeasi shu bilan tugamaydi. Birinchi jahon urushi yillarida, Buxoro, Xorazm va boshqa hududlarga harbiy samolyotlar keltirilib, ulardagi salonda uchuvchi, yana 2-3 kishi joylashgan. Ayrim paytlarda bunday samolyotlardan Buxoro-Toshkent, Xiva-Buxoro, Buxoro-Olmota boʻylab maktub yetkazishda ham foydalanilgan. Ayniqsa, milliy istiqlolchilik harakatlari (1917-1924-y.)davrida oʻnlab harbiy samolyotlar kirib kelgan. Amirlikni agʻdarishda Qizil Armiya qismlari Yangi Buxoro (Kogon) aerodromidan koʻkka koʻtarilib, eski shaharga son-sanoqsiz bombalar yogʻdirgan. Bu harbiy samolyotlar xorijda ishlab chiqarilgan boʻlib, “Farman”, “Farsel”, “Sonvich”, “Bauzen”, “Albatros” kabi nomlar bilan atalgan.
Turkiston ASSR (1917-1924), BXSR va XXSR (1920-1924) hukumatlari mavjud boʻlgan davrda “Dobrolyot” orqali nemislarning yoʻlovchi tashiydigan “Yunkers – 1”, “Yunkers – 2” markali samolyotlarini xarid qilishga harakatlar boʻlgan. Hatto bu borada TASSR, BXSR, XXSR vakillari M. Isayev, A. Yusufzoda, M. Matchonboyev, “Dobrolyot boshqarmasi” vakili I.Devyatovckiy oʻrtasida 1923-yilning 21oktyabrida shartnoma ham imzolangan. Unga koʻra, Buxoroga 4 ta, Xivaga 2 ta, Turkistonga 1 ta “Yunkers” samolyoti xarid qilinishi kerak edi. 1924-yilning 1-aprelidan ular Buxoro – Xiva, Buxoro–Dushanbe, Buxoro–Xiva–Olmota yoʻnalishi boʻylab parvoz qilishi moʻljallangan. BXSR hukumati istiqbolda bunday samolyotlar sonini 20 taga yetkazishni niyat qilgan.
“Yunkers” samolyoti uchuvchidan tashqari 6-8 ta yoʻlovchi sigʻimiga ega edi. Tezligi esa soatiga 160-200 kilometr boʻlgan. Unda yoʻlovchilar oʻzi bilan 10 funt (1 funt-450 gramm) yuk olishi mumkin edi. Samolyot 85 ot kuchiga ega boʻlib, 2 soatu 40 daqiqadan 3 soatgacha parvoz qila olgan. Buxoro – Xiva oraligʻini 2 soatu 15 daqiqada, Dushanbe–Buxoro yoʻnalishidagi masofani 2 soatu 20 daqiqada bosib oʻtgan.
Biroq “Yunkers”larning texnik taʼminoti yuqori darajada boʻlmagan, uchuvchi oʻtiradigan salon qulayliklarga ega emasdi. Shuningdek, yoʻlovchilar oʻrindigʻi ham oddiy boʻlgan. Bular haqida arxiv manbalarida batafsil maʼlumotlar berilgan. Shunga qaramay, odamlar uzogʻini yaqin qilishda ilk samolyotlar “transport inqilobi” vazifasini oʻtadi, desak adashmaymiz.
Shodmon HAYITOV,
BuxDU Arxeologiya va Buxoro tarixi
kafedrasi professori, tarix fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring