Prezidentlikka nomzod B. Abduhalimov raqibi A. Qodirovning oliy taʼlimga oida fikrlari “Adolat”niki ekanlgini isbotlab berdi 

16:52 17 Sentyabr 2021 Siyosat
1380 0

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, mazkur partiyadan Prezidentlikka nomzod B. Abduhalimov raqibi A.Qodirovning oliy taʼlimga oida fikrlari “Adolat”niki ekanlgini isbotlab berdi.

“Milliy tiklanish” DP raisi munosabat va murojaatlar bilan harchand chiqishlar qilmasin, “Adolat” SDPning mazkur siyosiy liderga nisbatan “koʻchirmakash” degan tasavvurini sindira olmayapti. Bu partiya oʻz qarashlariga va tanlagan yoʻliga egaligiga ishonishni xohlayapmiz, ammo vaziyat borgan sari teskari tomonga qarab ketmoqda.

Alisher Qodirov navbatdagi chiqishida oliy maʼlumot olish ishtiyoqi boʻlgan yoshlarga imkoniyat berish gʻoyasi bilan chiqqanida “Xoʻsh, keyinchi?” deya yangi fikr eshitish ilinjida diqqatimizni qaratdik. U esa kirish imtihonlarini osonlashtirib, 1–2 yil ichida zoʻrlar va zoʻrakilarni ajratib olishni va ularga davlat va biznes grantlarini taqdim etishni taklif etib, yana bir bor bizni eski fikrimizga, oʻsha bahoimizga qaytishga majbur qildi.

Zotan, saylovoldi dasturimda “Oliy taʼlim tizimiga reyting amaliyotini kiritamiz va yil yakunlari boʻyicha eng yuqori reytingga ega boʻlgan talabalarni grant asosida, reytingi past boʻla turib grantta oʻqiydigan talabalarni kontrakt asosida oʻqish uchun roʻyxatlarni qayta koʻrib chiqish tartibini oʻrnatamiz” deb taʼkidlab oʻtganman. (“Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi, 2021-yil, 10-sentyabr, 37-son. Nomzodning Qurultoydagi maʼruzasi). 

Demak, Qodirov chindan ham oʻzining taʼbiri bilan aytganda “hamfikr”mi yoxud tashabbus koʻrsatishda raqib partiya gʻoyalarini osonlikcha oʻzlashtirishdek oson va siyosiy liderga yarashmagan uslubni qoʻllashni afzal koʻradimi? 

“Oliy taʼlim olish uchun ʻkirish oson, lekin chiqish qiyinʻ tizim boʻlishi tarafdoriman” deydi Qodirov baralla. Lekin bu gap saylovchilar uchun yangilik emas. Bu gʻoya “Adolat”chilar tilidan allaqachon va koʻp bor yangrab boʻlgan. Misol uchun, 2020-yil 24-sentyabr kuni, (tasodifni qarangki – oʻzingiz deputat etib saylangan Jizzax viloyatida) “Adolat”ning hududiy Kengashi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda oliy taʼlim muassasalariga kirish oson, oʻqish qiyin boʻlishini taʼminlovchi tizim joriy etilishi taklif sifatida bildirilgan. Tadbirda faollarimiz yoshlar talaba boʻlgunga qadar emas, oliy maʼlumot olishgacha boʻlgan vaqtda ham puxta bilim olishga intilishi kerakligi, oʻqishga kirish emas, oʻqish – oliy taʼlim dargohlarida bosqichdan bosqichga oʻtish va bitirish murakkablashtirilishi tashabbusi bilan chiqilgan. Bu bir misol xolos, partiyaning ushbu gʻoyasi boshqa davralarda ham koʻp bor tilga olingan.

Xulosa – xalqdan. Jamiyatda muammolar koʻp, ularni hal etish yoʻlida barchadan oʻziga xos yangi tashabbuslar talab etilishi ortiqcha isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Har holda, biz shunday hisoblaymiz”, deydi B. Abduhalimov.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер